QAZO NAMOZI QANDAY O‘QILADI

ID: 2467

08.09.2025

13798

Savol:

Assalamu alaykum, qazo namozi qanday oʻqiladi, masalan: Asr namozi qazo boʻlib, shom namozi vaqti kirib qoldi. Shunda qazo boʻlib qolgan namoz qachon oʻqiladi. Hammamizdan Alloh rozi boʻsin

Javob:

Vaalaykum assalom. Kishi uxlab qolib yoki unitib biror namozni qazo qilib qo‘ygan bo‘lsa, uyqudan uyg‘onishi yoki esiga tushishi bilan kechiktirmay uni o‘qib olishi lozim.

Qazo namozi ham xuddi vaqtida o‘qiladigan namoz kabi azon va iqomat aytib o‘qiladi. Bir nechta qazo namozlarni o‘qimoqchi bo‘lgan kishi boshida bitta azon aytib, qolganlarini iqomatni o‘zi bilan o‘qisa ham bo‘ladi.

Qazo namozlarning faqat farzlari va xuftonning vitri o‘qiladi, sunnatlari qazo qilinmaydi. Bugungi bomdod namozining qazosini zavol vaqtigacha o‘qiydigan kishi sunnatini ham birga qazo qilib o‘qiydi, zavoldan keyinga qolsa faqat farzi o‘qiladi.

Qazo bo‘lgan namozga quyidagicha niyat qilinadi: (Masalan, bomdod namozining niyati) “Niyat qildim qazo bo‘lgan bomdod namozining farzini o‘qishni, yuzimni qiblaga qaratgan holda, xolisan lillohi taolo allohu akbar”.

Musofirlikda qazo bo‘lgan namozning qazosini muqimlikda o‘qimoqchi bo‘lsa qasr qilib o‘qiydi. Muqimlikda qazo bo‘lgan namozlarning qazosini musofirlikda o‘qimoqchi bo‘lsa to‘liq qilib o‘qiydi.

Qazo namozlarni kunning uch mahalida ya’ni, quyosh chiqayotgan, qiyomga (tikkaga) kelgan va botayotgan vaqtlardan boshqa barcha vaqtlarda o‘qisa bo‘ladi.

Agar kishi “ahli tartib” bo‘lsa, ya’ni, zimmasidagi qazo namozlari olti mahalga yetmagan bo‘lsa, bunday kishilar qazo namoz o‘qishda tartibga rioya qilishlari kerak bo‘ladi. Misol uchun, ahli tartib kishi Bomdod namozini qazo qilib qo‘ysa va shu Bomdodni o‘qimasdan Peshin namozini o‘qisa, Peshin namozi durust bo‘lmaydi. Chunki bu kishi ahli tartib bo‘lgani uchun namozlarni o‘qishda ham tartibiga rioya qilishi kerak edi. Ya’ni, birinchi qazo qilgan Bomdodni o‘qishi va keyin Peshinni o‘qishi kerak edi. Qazo bo‘lgan Bomdodni o‘qimasdan Peshinni birinchi o‘qib qo‘ysa, o‘qigan namozi bekor bo‘lib, Bomdodni qazosidan keyin yana Peshinni o‘qishi kerak bo‘ladi.

Ahli tartib kishi Vitr namozini ham rioyasini qiladi. Ya’ni, Vitr namozini qazo qilib qo‘ysa, uni o‘qimasdan Bomdod namozini o‘qishi durust bo‘lmaydi. Hatto bunday paytda Bomdodni jamoat bilan o‘qishi ham durust bo‘lmaydi. Albatta, birinchi qazo qilgan Vitr namozini o‘qib, keyin Bomdodni ado qiladi. “Al-Muxtasar fil fiqhil hanafiy” kitobida “ahli tartib” kishi haqida shunday deyilgan:

وإذا فاتته أقل من ست صلوات: يجب الترتيب بين الفوائت والوقتية أى: يجب أن يقضي الفوائت قبل أداء الوقتية فإن أدى الوقتية قبل قضاء الفوائت: لا تصح الوقتية. وكذلك يجب الترتيب فيما بين الفوائت، فإن فاتته الفجر والظهر والعصر والمغرب: يقضي الفجر ثم الظهر ثم العصر وهكذا، فإن قضى الظهر قبل الفجر أو العصر قبل الظهر لم يصح، وعليه الإعادة.

ya’ni: “Agar kishining qazolari olti namozdan kam bo‘lsa, bunday kishi qazo namozlar bilan vaqtida o‘qiladigan namozlarning o‘rtasida tartibga rioya qilishi vojib bo‘ladi. Ya’ni, vaqti kirgan namozni o‘qishdan oldin qazo qilgan namozni o‘qishi lozim bo‘ladi. Agar qazo qilgan namozni o‘qishdan oldin vaqti kirgan namozni o‘qisa, vaqtidagi namozi durust bo‘lmaydi. Shuningdek, bunday ahli tartib kishiga qazo qilgan namozlarini o‘qishda ham tartibga rioya qilishi vojib bo‘ladi. Masalan, bunday kishi Bomdod, Peshin, Asr va Shom namozlarini qazo qilsa, birinchi Bomdodning qazosini, keyin Peshinni, so‘ngra Asrni va oxir Shomni qazosini o‘qiydi. Agar mabodo, Bomdodning qazosidan oldin Peshinni qazosini o‘qib qo‘ysa yoki Peshindan oldin Asrni qazosini o‘qib qo‘ysa, durust bo‘lmaydi. Balki, Peshin va Asrni qazosini qayta tartib bilan o‘qishi kerak bo‘ladi”.

Agar kishi “ahli tartib” bo‘lmasa, ya’ni zimmasidagi qazo namozlari olti mahalga yetgan bo‘lsa yoki undan ham ko‘p bo‘lsa, bunday kishi “ahli tartib”likdan chiqadi va vaziyatga qarab, xohlasa, birinchi qazo namozini o‘qiydi, xohlasa vaqti kirgan namozni birinchi o‘qib, keyin qazo namozini o‘qiydi.

Bu haqda “Al-Muxtasar fil fiqhil hanafiy” kitobida shunday deyilgan:

وإن فاتته ست صلوات أو أكثر لا يجب الترتيب، فيجوز أن يؤدى الوقتية قبل قضاء الفوائت، و كذلك لا يجب الترتيب فيما بين الفوائت، فيجوز أن يقضي الظهر قبل قضاء الفجر، أو العصر قبل قضاء الظهر.

ya’ni: “Agar kishining zimmasida olti yoki undan ortiq qazo namozlari bo‘lsa, unday kishiga qazo namozlarni o‘qishda tartibga rioya qilish vojib bo‘lmaydi. Demak, bunday kishi qazo namozini o‘qishdan oldin vaqti kirgan namozni o‘qishi joiz bo‘ladi.

Shuningdek, bunday kishiga (zimmasida olti yoki undan ortiq qazo namozlari bor kishiga) qazo namozlarini o‘qishda ham tartibga rioya qilishi vojib bo‘lmaydi. Demak, bunday kishi Bomdodning qazosini o‘qishdan oldin Peshinning qazosini o‘qishi joiz yoki Peshinning qazosini o‘qishdan oldin Asrning qazosini o‘qishi joiz”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar