Qaysi payg‘ambarlarning nomlarini bilishimiz lozim bo‘ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Nomlarini bilishimiz va tanishimiz shart bo‘lgan yigirma beshta nabiy va rasullar bor. Ularning nomlari Qur’oni karimda zikr qilingan. Har bir kishi ana o‘sha payg‘ambarlarni ismlari bilan bilishi lozim bo‘ladi. Ulardan birortalarining payg‘ambarligini inkor qilish kufrdir, chunki bu Qur’oni karimning oyatiga qarshi chiqish sanaladi. Qur’onda ismlari kelgan payg‘ambarlar quyidagilar: 1. Odam 2. Idris 3. Nuh 4. Hud 5. Solih 6. Lut 7. Ibrohim 8. Ismoil 9. Ishoq 10. Yaqub 11. Yusuf 12. Shu’ayb 13. Ayyub 14. Zul-kifl 15. Yunus 16. Muso 17. Horun 18. Ilyos 19. Alyasa’ 20. Dovud 21. Sulaymon 22. Zakariyo 23. Yahyo 24. Iso 25. Muhammad. Ularga Allohning salomi bo‘lsin. An’om surasining 83-86-oyatlarida yuqorida sanalgan payg‘ambarlardan o‘n sakkiztasining ismlari zikr qilingan:
وَتِلْكَ حُجَّتُنَا آَتَيْنَاهَا إِبْرَاهِيمَ عَلَى قَوْمِهِ نَرْفَعُ دَرَجَاتٍ مَنْ نَشَاءُ إِنَّ رَبَّكَ حَكِيمٌ عَلِيمٌ وَوَهَبْنَا لَهُ إِسْحَاقَ وَيَعْقُوبَ كُلًّا هَدَيْنَا وَنُوحًا هَدَيْنَا مِنْ قَبْلُ وَمِنْ ذُرِّيَّتِهِ دَاوُودَ وَسُلَيْمَانَ وَأَيُّوبَ وَيُوسُفَ وَمُوسَى وَهَارُونَ وَكَذَلِكَ نَجْزِي الْمُحْسِنِينَ وَزَكَرِيَّا وَيَحْيَى وَعِيسَى وَإِلْيَاسَ كُلٌّ مِنَ الصَّالِحِينَ وَإِسْمَاعِيلَ وَالْيَسَعَ وَيُونُسَ وَلُوطًا وَكُلًّا فَضَّلْنَا عَلَى الْعَالَمِينَ
ya’ni: “Ibrohimga qavmi ustidan bergan hujjatimiz ana shudir. Xohlagan kishimizni darajalarga ko‘tarurmiz. Albatta, Rabbingiz hikmat va ilm sohibidir”(83). “Unga (Ibrohimga) Ishoq va Ya’qubni ato etdik. Hammasini hidoyatga yo‘lladik. Oldin Nuhni ham hidoyatga yo‘llagan edik. Uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni (ham yo‘lladik). Chiroyli ish qiluvchilarni mana shunday taqdirlaymiz”(84). Zakariyo, Yahyo, Iso va Ilyosni (ham hidoyatga yo‘lladik). Hammasi solihlardandir (85). Ismoil, al-Yasa’, Yunus va Lutni ham (hidoyatga yo‘lladik). Hammalarini olamlar uzra afzal qildik (86)”. Yuqorida 18 nafar payg‘ambarning ismlari keltirildi. Lekin yashagan davrlariga xos tartib bilan emas, balki ularga ato etilgan fazilat va ne’matlarga qarab zikr etilgan. (“Tafsiri xozin” kitobi). Yana yettita payg‘ambarning ismlari boshqa turli oyatlarda zikr qilingan. Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning ismlari Qur’oni karimning Oli Imron (3-sura), Ahzob (33-sura), Muhammad (47-sura), Fath (48-sura)larida “Muhammad” deb, Saf (61-surasi)da esa Iso alayhissalomning tilidan “Ahmad”, deb zikr qilingan. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.