QAYSI ILMNI O‘RGANISH SHART?

ID: 547

04.04.2025

75

Savol:

Musulmon kishi qaysi ilmlarni o‘rganishi shart qilingan?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ma’lumki, dinimiz – ilm va ma’rifat dini. Ilm talab qilishni fazilati haqida ko‘plab oyat va hadislar mavjud. Jumladan: Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"طَلَبُ العِلْمِ فَرِيْضَةٌ عَلَىْ كُلِّ مُسْلِمٍ" (رواه الإِمَامُ ابن ماجه عن أنس بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه).

ya’ni: “Ilm izlash – har bir musulmonga farzdir” (Imom Ibn Moja rivoyati). Bu hadisi sharifni puxta o‘rgangan ulamolarimiz undan quyidagilarni chiqarganlar:

Ilm ikki qismga bo‘linadi: Farzi a’yn va farzi kifoya.

Farzi ayn. Har bir balog‘at yoshiga yetib, aqli raso bo‘lgan inson qaysi soha yoki kasb sohibi bo‘lsa ham, sohasining ilmini chuqur o‘rganishi – farzdir. Shuningdek, har bir musulmon kishi zimmasiga farz bo‘lgan ibodatlarni shariatga muvofiq darajada bajarishi uchun zarur bo‘ladigan ilmlarni o‘rganishi ham farz bo‘ladi. Masalan, namoz ibodati ichida farz, vojib, sunnat, mustahab, harom va makruh amallari bor. Mana shu amallarni bir-biridan ajrata oladigan kishi namozni to‘g‘ri ado qiladi. Aks holda namoz o‘qish asnosida kamchilikka yo‘l qo‘yishi mumkin.

Shuningdek, masalan, kishi savdogar bo‘lsa, unga qachon oldi-sottisi shariatga muvofiq bo‘ladi va qachon muvofiq bo‘lmaydi kabi savdo-sotiqqa tegishli ilmlarni bilishi farz bo‘ladi. Agar kishi zimmasidagi farzi ayn bo‘lgan ilmlarni o‘rganmasa bajarayotgan ishi yoki ado etayotgan ibodati to‘g‘ri bo‘lmay, xatoga yo‘l qo‘yadi. Natijada gunohkor bo‘ladi.

Biz ilmimizni oshirishga harakat qilsak, Alloh taoloning O‘zi yordamchi bo‘ladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ سَلَكَ طَرِيقًا يَلْتَمِسُ فِيهِ عِلْمًا سَهَّلَ اللَّهُ لَهُ بِهِ طَرِيقًا إِلَى الْجَنَّةِ (رواه مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “Kim ilm talabida yulga chiqsa, Alloh taolo unga jannat yulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).  

Farzi kifoya – Alloh taolo musulmonlar jamoasining zimmasiga buyurgan amaldir. Musulmonlarning bir qismi uni bajarishi bilan boshqalarning zimmasidan soqit bo‘ladi. Agar hech kim bajarmasa, hamma birdek gunohkor bo‘ladi. Bunga janoza namozini misol qilish mumkin.

Ulamolarning fikrlaricha, jamiyatda qaysi sohaga ehtiyoj sezilsa, o‘sha sohaga bo‘lgan ehtiyojni qondiradigan darajada ilmlarni o‘rganish farzi kifoya hisoblanadi.

Agar jamiyatda bir sohada yoki biror fan bo‘yicha mutaxassis olim yetishmasa va bunga harakat qilinmasa, shu jamiyat kishilarining barchasi gunohkor bo‘ladilar. Sababi –  har bir sohada mutaxassislar bo‘lishi shart.

Kishi o‘zidagi johillikni ketkazish maqsadida ilm izlashi uchun albatta yosh bo‘lishi shart emas, balki qaysi yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar, imkon bo‘lishi bilan ilmli bo‘lishga harakat qilish kerak. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَنْ جَاءَ اَجَلُهُ وَهُوَ يَطْلُبُ الْعِلْمَ لَقِيَ اللهَ تَعَالَى وَلَمْ يَكُنْ بَيْنَهُ وَبَيْنَ النَّبِيِّيْنَ اِلَّا دَرَجَةُ النُّبُوَّةِ"  (رَوَاهُ الْإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عن ابن عباس رضي الله عنه).

ya’ni: “Kimning ajali ilm talab qilayotgan vaqtida yetib qolsa, Alloh taoloning huzurida u bilan payg‘ambarlar o‘rtasini faqat payg‘ambarlik darajasigina ajratib turadi” (Imom Tabaroniy rivoyati). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar