Ona qizi farzandlik bo‘lgandan keyin unga beshik olib kelishi shartmi? Olib kelmasa u dunyoda yostiq quchoqlab yotarkan, degan gap bor ekan. Man onamlarga olib kelmanglar, uyda beshik bor, degandim. Ular shu gapni aytishdi.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Shariatda unday gap yo‘q. Farzand tug‘ilsa uning nafaqalari bevosita o‘sha farzandning otasini zimmasiga vojib bo‘ladi. Nafaqa deganda farzandlarning yemoq-ichmoqlari, kiyim-kechaklari va shunga o‘xshash zaruriy ehtiyojlari nazarda tutiladi. Jamiyatimizda noshar’iy shakllangan bid’at-xurofotalardan biri siz savolda aytgan “beshik to‘yi” masalasidir. Ya’ni bolaning beshigi va yana unga qo‘shimcha bir talay narsalarni qiz tomonning zimmasiga yuklab qo‘yishdir. Aslida bu muammolar otaning muammosidir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
Ularni (farzandlarni) ma’ruf ila yedirib, kiyintirish tug‘dirganning zimmasidadir. (Baqara surasi 233-oyat) Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.