QASSOB TASMIYANI AYTMASA

ID: 436

04.04.2025

16

Savol:

Ma’ruzada eshitib qoldim, musulmon kishi molni esidan chiqib "Bismillah" siz so‘ysa ya’ni ataylab qilmasa halol bo‘ladi ekan! Shu to‘g‘rimi? Tovuq va mol "Bismillah"siz so‘yilsa halol bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Dinimizda biror jonliq so‘yishda “Bismillah”ni ya’ni, Alloh taoloning ismini aytib so‘yilishi shart. Bunda “Bismillah” yoki “Bismillahi, Allohu akbar” lafzlari mashhurdir. Ammo Hanafiy mazhabimizda aynan yuqoridagi lafzlarni aytish shart qilinmagan, balki, ushbu lafzlarni ma’nosini ifoda qiladigan lafzlarni ishlatilsa ham so‘yilgan hayvonning go‘shti halol hisoblanadi.

قال الحصكفي رحمه الله في الدر المختار: والشرط في التسمية هو الذكر الخالص عن شوب الدعاء وغيره، فلا يحل بقوله: اللهم اغفر لي، لأنه دعاء وسؤال، بخلاف الحمد لله أو سبحان الله مريدا به التسمية، فإنه يحل 

Imom Haskafiy rohimahulloh “Durrul muxtor” kitobida shunday deydilar: “ Tasmiya – duo va boshqa o‘rinlarda ishlatiladigan so‘rov jumlalaridan xoli bir zikr bo‘lishi shart. SHuning uchun “Allohummag‘firliy” (Allohim meni kechirgin) deb so‘yilsa, bu halol bo‘lmaydi. Chunki bu duo va kechirim so‘rashdir. Ammo, tasmiyani iroda qilib “Alhamdulillah” yoki “Subhanalloh” deb so‘yilsa bu halol bo‘ladi”.

 قال ابن عابدين: أن هذه الألفاظ ليست بصريح في باب التسمية، إنما الصريح بسم الله، فتكون كناية، والكناية إنما تقوم مقام الصريح بالنية كما في كنايات الطلاق

Alloma Ibn Obidin rahimahulloh: “Tasmiyaga xos bo‘lgan lafz “Bismillahir rohmanir rohim”dir. Subhanalloh, Alhamdulillah, Allohu akbar lafzlari xos bo‘lmasada “Bismillahir rohmanir rohim”dan kinoyadir. Kinoya lafzlar esa xuddi taloqdagi kinoyalar kabi niyat qilish bilan xosning maqomida bo‘ladi” – deydilar.

Demak, yuqorida keltirilgan ulamolarning fikrlaridan ma’lum bo‘ladiki “Allohning yo‘liga” deb so‘yilgan hayvoninng go‘shti halol va uni bemalol istemol qilish mumkin. Ammo, ko‘p yillardan beri xalqimiz orasida mashhur bo‘lgan “Bismillahi Allohu akbar” deb so‘yish afzaldir.

Hanafiylar, Molikiylar va Hanbaliylar agar qassob tasmiyani esidan chiqarib aytmasa, so‘ygani halol bo‘ladi, ammo qasddan tark qilsa halol bo‘lmaydi deydilar.

عن ثوبان رُفِعَ عَنْ أُمَّتِي الْخَطَأُ وَالنِّسْيَانُ ( رواه الطبرانى)

“Ummatimdan xato va unitish ko‘tarildi” Tobaroniy rivoyati.

Bunga dalil Alloh taoloning so‘zi: 

وَلَا تَأْكُلُوا مِمَّا لَمْ يُذْكَرِ اسْمُ اللَّهِ عَلَيْهِ وَإِنَّهُ لَفِسْقٌ وَإِنَّ الشَّيَاطِينَ لَيُوحُونَ إِلَى أَوْلِيَائِهِمْ لِيُجَادِلُوكُمْ وَإِنْ أَطَعْتُمُوهُمْ إِنَّكُمْ لَمُشْرِكُونَ

Allohning nomi aytilmagan narsalardan yemangiz! Zero, u fosiqlikdir. Shaytonlar esa, o‘z do‘stlari (mushriklar)ni sizlar bilan bahslashishlari uchun vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar (ham) mushriklarsiz (An’om surasi, 121 oyat). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar