QARZNING TA’RIFI VA AHKOMLARI

ID: 553

04.04.2025

160

Savol:

Hozirgi kunga kelib odamlar qarz olishni bir kasb kabi amal qilib olishgan. Aslida qarz olish haqida shariatimiz nima deydi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

“Qarz so‘zi lug‘atda «kesish» ma’nosini bildiradi, chunki qarz beruvchi qarz oluvchiga o‘z molining bir qismini kesib beradi. Shari’at istilohida esa foydalanib, mislini qaytarib beruvchi kishiga mol berishga qarz deyiladi”. Shariatda qarz berish sunnat va ijmo’ bilan sobit bo‘lgan ishdir. Chunki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham qarz oldi-berdi muomalasini qilganlar.

Abu Robi’a Maxzumiy otasidan, u bobosidan rivoyat qiladi:  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hunayn kuni mendan o‘ttiz yoki qirq ming qarz oldilar. Hunayndan qaytgach, qarzlarini menga qaytardilar. So‘ng: “Alloh ahling va molinga baraka bersin! Qarzning mukofoti uni to‘lash hamda rahmat aytishdir”, dedilar.

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlashlik lozimki, savolda aytilganidek hozirgi kunda ba’zi kishilar qarz olishni o‘zlariga kasb qilib olib, qarzni qaytarishga kelganda turli bahonalar bilan qarz beruvchini dilini og‘ritishi, firibgarlik qilib bermay ketishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Shu sababli qarz oluvchining qarz olish asnosida niyati muhim o‘rin tutadi. Chunki, Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

«من أخذ أموال الناس يريد أداءها، أدى الله عنه، ومن أخذ يريد إتلافها، أتلفه الله»

“Kim (qarzini) ado qilishni iroda qilib odamlardan mol olsa, Alloh uning tarafidan ado qiladi (to‘lash sabablarini muhayyo qilib qo‘yadi), kim talofat yetkazishni iroda qilib olsa, Alloh unga talofat yetkazadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Qolaversa, qarzni muhtoj bo‘lganda olinadi. Ehtiyoj qondirilgach, imkon qadar tezlik bilan qarzni qaytarish kerak. Imkoni bo‘la turib qarzni qaytarmaslik haqida Nabiy sollollohu alayhi vasallam:

مطل الغني ظلم

“Boy (qodir) bo‘laturib qarzni kechiktirish zulmdir”, deganlar (Muttafaqun alayh). 

Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa qilib aytamizki, qarz oldi berdisida nihoyatda ehtiyotkorlik bilan muomala qilish lozimdir. Qarz olgach, uni tezroq qaytarishga harakat qilish kerak bo‘ladi. Chunki, qarz olib, bermasdan vafot topgan kishi borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

من فارق الروح الجسد، وهو بريء من ثلاث دخل الجنة: من الكبر، والغلول، والدين

“Kimning ruhi uch narsadan: kibrdan, o‘ljaga xiyonatdan va qarzdan xoli bo‘lib jasadidan ajrasa, jannatga kiradi”. Ibn Moja rivoyat qilgan. Vallohu a’lam. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar