QARZDOR HOLATIDA DUNYODAN O‘TISHNING XATARLARI HAQIDA

ID: 572

04.04.2025

55

Savol:

Otam bir tadbirkor insonga qaytarib berish sharti bilan ishi uchun katta miqdorda pul qarz bergandilar. Ming afsuslar bo‘lsinki, u inson firibgar bo‘lib chiqdi. Aytingchi, shunaqangi insonlarning Qiyomat kuni hukmi va qabrdagi holati qanday bo‘ladi? Qanday qilib shu insondan pulimizni olsak bo‘ladi? Alloh roziligi uchun maslahat bering.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Alloh taolo "Niso" surasida marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ لاَ تَأْكُلُواْ أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ

«Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang» (29-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda: “Mo‘minning ruhi to ado etilmaguncha, qarziga bog‘liq bo‘lib turadi”, deganlar.

Boshqa hadislarda aytilishicha, mayyit hatto shahid bo‘lsa ham, qarzi tufayli o‘z darajasiga erisha olmay turadi. Faqat yaqinlari uning qarzini ado etganlaridan keyingina shahidlarga va’da qilingan martabalarga erishadi.

Faraz qilaylik, qarzi bor, ammo uni uzishga ortida biror narsasi yo‘q odamning holi nima bo‘ladi? Bunday holda vafot etgan odam Alloh taoloning huzuridagi eng katta gunoh bo‘lmish shirkdan keyingi o‘rinda turadigan gunohni qilib o‘lgan bo‘ladi. Bunga dalil quyidagi hadisdir:

عَنْ أَبِي مُوسَى  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِنَّ أَعْظَمَ الذُّنُوبِ عِنْدَ اللهِ أَنْ يَلْقَاهُ بِهَا عَبْدٌ بَعْدَ الْكَبَائِرِ الَّتِي نَهَى اللهُ عَنْهَا أَنْ يَمُوتَ رَجُلٌ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ لَا يَدَعُ لَهُ قَضَاءً». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Allohning nazdida Alloh qaytargan kabira gunohlardan keyingi eng og‘ir gunoh bir kishining zimmasidagi qarzini uzishga narsa qoldirmay o‘lib, U Zotga ro‘baro‘ bo‘lishidir", dedilar". (Imom Abu Dovud rivoyati).

Birovdan olgan qarzini uzmasdan yoki uni uzishga imkon qoldirmasdan o‘lib ketishdan og‘ir narsa yo‘qligini bayon qilish uchun bu so‘zlardan ortiq ifoda topilmasa kerak.

عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا يُصَلِّي عَلَى رَجُلٍ مَاتَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ، فَأُتِيَ بِمَيِّتٍ، فَقَالَ: «أَعَلَيْهِ دَيْنٌ؟» قَالُوا: نَعَمْ دِينَارَانِ، قَالَ: «صَلُّوا عَلَى صَاحِبِكُمْ»، قَالَ أَبُو قَتَادَةَ: هُمَا عَلَيَّ يَا رَسُولَ اللهِ، فَصَلَّى عَلَيْهِ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَلَمَّا فَتَحَ اللهُ عَلَى رَسُولِهِ قَالَ: «أَنَا أَوْلَى بِكُلِّ مُؤْمِنٍ مِنْ نَفْسِهِ، فَمَنْ تَرَكَ دَيْنًا فَعَلَيَّ قَضَاؤُهُ، وَمَنْ تَرَكَ مَالًا فَلِوَرَثَتِهِ». (رَوَاهُ الامام الترمذي)

Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zimmasida qarzi bo‘la turib o‘lgan odamga janoza namozi o‘qimas edilar. Bir mayyit olib kelindi. U Zot: "Uning zimmasida qarz bormi?" dedilar. "Ha, ikki dinor", deyishdi. "Sohibingizga o‘zingiz janoza o‘qing", dedilar. "O‘sha ikki dinor mening zimmamga, ey Allohning Rasuli", dedi Abu Qatoda. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam u(mayyit)ga janoza o‘qidilar. Alloh O‘z Rasuliga fath ato qilganidan keyin: "Men har bir mo‘min uchun uning o‘zidan ham yaqinman. Kim qarz qoldirsa, uni ado etish mening zimmamda. Kim mol tark qilsa, merosxo‘rlariga", dedilar". (Imom Termiziy rivoyati).

Bu hadisi sharif zimmasida qarzi bo‘laturib o‘lish o‘ziga yarasha muomala talab qilishini ko‘rsatadi.

وَلِلنَّسَائِيِّ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلًا قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ ثُمَّ أُحْيِيَ، ثُمَّ قُتِلَ ثُمَّ أُحْيِيَ، ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُهُ

Nasoiy qilgan rivoyatda: "Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas", deyilgan. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar