Men bir kishidan 5 mln so‘m plastikdan qarz oldim. O‘tkazilgan 5 mln so‘m ustiga ilova o‘zini 0.5 foiz haqini qo‘shib hisoblab, u insondan 5 mln 25 ming so‘m yechib oldi. Endi men qarzni qaytarish paytida 5 mln so‘m ustidagi 25 ming so‘mni ham qo‘shib 5 mln 25 ming so‘m qilib qaytaramanmi yoki 5 mln so‘mni o‘zinimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Islomda qarz muomalasi qilinganda qarzni yetkazib berish xarajatlari qarz oluvchining zimmasiga tushadi. Bu borada “Al-Bahrur-roiq” kitobida shunday zikr qilingan:
وأما أجرة نقد الدين فإنه على المديون
ya’ni: “Ammo qarzni berishning xarajatlari qarz oluvchining zimmasiga lozim bo‘ladi” (“Savdo-sotiq” bobi).
Shunga ko‘ra, plastik orqali o‘tkazilgan qarz mablag‘i uchun olingan 0.5% lik to‘lov qarz oluvchidan bo‘ladi. Bu xuddi naqd pulni qarzga olish uchun qarzdor yo‘lkira qilib, kelib olib ketishi kabidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.