Birov qarz so‘rasayu men bersam, bu ham yaxshilikmi? Savobi qanday? Keyinchalik pulimni ololmasamchi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qarz berishning savobi juda ulug‘ ekanligi oyati karimalarda ochiq-oydin bayon qilingan. Albatta bunda qarz beruvchi biror dunyoviy manfaatdan tama qilmasligi shart. Ajr umidida berilgan qarzning savobi bir necha barobar ko‘paytiriladi va gunohlar mag‘firat qilinadi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
إنْ تُقْرِضُوا اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا يُضَاعِفْهُ لَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ وَاللَّهُ شَكُورٌ حَلِيمٌ
ya’ni: “Agar sizlar Allohga «qarzi hasana» bersangiz (muhtojlarga ehson qilsangiz), U sizlarga bir necha barobar qilib qaytarur va (gunohlaringizni) mag‘firat qilur. Alloh minnatdor (oz olib, ko‘p beruvchi) va halimdir” (Tag‘obun surasi, 17-oyat).
Oyati karimada “muhtojlarga ehson qilish va ularga chiroyli qarz berish”ni “Alloh taologa qarz berish” deyilmoqda. Alloh taolo bandasidan qarzdor bo‘lib qolmaydi, balki bandaga yanada “yaxshirog‘i”ni beradi va “ulug‘ ajr” bilan mukofotlaydi:
وَأَقْرِضُوا اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا وَمَا تُقَدِّمُوا لأَنفُسِكُم مِّنْ خَيْرٍ تَجِدُوهُ عِندَ اللَّهِ هُوَ خَيْرًا وَأَعْظَمَ أَجْرًا وَاسْتَغْفِرُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
ya’ni: “...(miskinlarga ehson qilish bilan) Allohga «qarzi hasana» beringiz! O‘zlaringiz uchun taqdim qiladigan yaxshilikni (qiyomat kuni) Allohning huzurida yanada yaxshiroq va ulug‘roq mukofot holida topursiz. Allohdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, Alloh mag‘firatli va rahmlidir” (Muzzammil surasi, 20-oyat).
Ba’zi ulamolar: “Qarz berish sadaqadan afzal”, – deyishgan, chunki qarzni aksar holatda muhtoj odam so‘raydi. Kishi qancha qarz bersa, har kuni o‘shancha sadaqa qilganni savobini oladi. Burayda ibn Husayb al-Aslamiy Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar:
مَن أنظَر معسرًا فله كل يومٍ مثله صدقةٌ، فقلت: يا رسول الله، سمعتك تقول: مَن أنظر مُعسرًا فله كل يومٍ مثليه صدقةٌ، قال له: كل يومٍ مثله صدقةً قبل أن يحل الدَّين، فإذا حل فأَنظَر فله كل يومٍ مثليه صدقةٌ (رواه الامام احمد)
ya’ni: “Kim kambag‘alga (qarz) muddatini uzaytirsa, har kuni bergan qarzi miqdoricha sadaqa qilgan bo‘ladi”. Men: “Ey, Allohning Rasuli! Sizning “Kim kambag‘alga (qarz) muddatini uzaytirsa, har kuni bergan qarzining ikki barobarida sadaqa qilgan bo‘ladi”, deganingizni eshitgandim”, – dedim. Shunda U Zot alayhissalom: “Dayn (nasiyaga sotilgan narsaning pulini to‘lash) vaqti kelguncha – bir barobar. Muddat to‘lib, yana uni uzaytirsa, qarzning ikki barobarida sadaqa qilgan bo‘ladi” – dedilar. (Imom Ahmad rivoyati).
Qarzdorga muhlat berish yoki qarzni kechish bandaning avf qilinishi va Qiyomatda gunohlaridan o‘tilishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
كان رجل يداين الناس فكان يقول لفتاه: إذا أتيت معسرا فتجاوز عنه لعل الله أن يتجاوز عنا، قال: فلقي الله فتجاوز عنه (رواه الامام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Bir kishi odamlarga qarz berar edi va xizmatkoriga: “Qarzini uzishga qiynalgan kishining yoniga (qarzni so‘rab borsang), undan (qarzini) kechgin, shoyadki Alloh ham bizdan (gunohlarimizni) kechsa”, – der edi”. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “U Allohga yo‘liqdi va uning gunohlarini kechdi”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa hadisi sharifda qarzdorga muhlat bergan yoki qarzni kechgan kishini Alloh taolo soya bo‘lmaydigan kunda, ya’ni Qiyomatda soyalantiradi:
من أنظر معسرا أو وضع عنه أظله الله في ظله (رواه الامام مسلم عن أبي اليسر رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim kambag‘alga muhlat bersa yoki qarzni kechsa, Alloh uni o‘z soyasida soyalantiradi” (Imom Muslim rivoyati).
Shariatimizda qarz orqasidan foyda ko‘rish, bergan puliga pul yoki boshqa narsa qo‘shib olish mumkin emas. Bu ribo hisoblanadi. Mazhabboshimiz Imom A’zam rahmatullohi alayhning tarjimai hollarida keltirilishicha, u zot ribodan qo‘rqib, qarzdor kishining daraxti ostida soyalanmas edilar (“Xayrotul hisan” kitobi).
Umuman olganda, qarz berish mustahab sanaladi. Shu jihatdan so‘ragan kishiga qarz bermaslik gunoh sanalmaydi. Lekin qarz so‘rovchi muztar (hech narsasi yo‘qligidan o‘lar holatga kelgan) bo‘lsa va so‘raluvchi boy bo‘lsa, qarz berish vojibga aylanadi. Agar qarz so‘rovchi pulni haromga yoki makruh narsalarga sarflashi ehtimoli katta bo‘lsa, unga qarz berish holatga qarab harom yoki makruh bo‘ladi (“Mavsu’atul fiqhiya al-kuvaytiya” kitobi).
Shuni yaxshi bilish kerakki, odamlardan qarz olib, uni to‘lamasdan (yoki to‘laydigan mol qoldirmasdan) dunyodan o‘tib ketadiganlar Qiyomatda bu qarzni savoblari bilan to‘lab beradi. Chunki u yerda to‘laydigan pul yo‘q, savob esa hammaga kerak bo‘lib turgan bo‘ladi. Imkoni bo‘la turib qarzni cho‘zishni Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “zulm” deb ataganlar:
مَطْلُ الْغَنِيِّ ظُلْمٌ (رواه الامام البخاري عن أَبَي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
ya’ni: “Boyning (qarzni bermasdan) cho‘zib yurishi zulmdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, muhtojga qarz berishda katta savob va ajrlar bor. Odatdagi sharoitda qarz berish mustahab hisoblanadi. Qarz olgan kishi esa imkoni bo‘lishi bilan qarzni qaytarishga harakat qilishi lozim, aks holda qarz bergan kishiga zulm qilgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.