QARZ BERIB, ISHLATISHGA BUYUM OLISH

ID: 2471

09.09.2025

101

Savol:

Bir tanishim mendan qarz soʻradi va boshqalar unga qarz bermagani uchun u menga balgarka va svarka aparatini berib unga ishonishimni soʻradi. Men soʻraganim yoʻq, olmoqchi emasdim, lekin u bilan oldi berdi qilmaganim uchun olib qoldim. Keyingi oyni boshida beraman dedi. 2 oylarda kelib balgarkani berib turing qaytarib olib kelaman deb, olib kelmadi. Yaqinda telefon qildim, ukam 1 oy deganding, 4 oy boʻldi, manga pul kerak 1 haftada pulimni bermasang aparatingni sotvoraman, dedim. Nima qilganim yaxshi? Oldindan rahmat

Javob:

Islom shariatida "foyda keltirgan har qanday qarz ribodir" degan mashhur qoida mavjud. Siz qarz berish evaziga, garchi tanishingiz o‘zi taklif qilgan bo‘lsa-da, o‘sha uskunalarni olib qolishingiz, ularni garov sifatida qabul qilish hisoblanadi. Garovga oluvchi uchun garovga qo‘yilgan buyumdan foydalanish mutlaqo joiz emas, chunki bu qarzdan kelayotgan ortiqcha manfaat bo‘lib, ribo hisoblanadi. Uskunalar sizning mulkingizga o‘tmaydi, balki qarz qaytarilgunga qadar sizning qo‘lingizda omonat sifatida turadi. Siz ularni faqat saqlashingiz kerak, ishlatishga haqli emassiz.

Qarzdor va’da qilingan muddatda pulni qaytarmagan bo‘lsa, bu holat sizga uning mulki bo‘lgan uskunani o‘zboshimchalik bilan sotib yuborish yoki qarz evaziga olib qolish huquqini bermaydi. "Aparatingni sotib yuboraman" deyishingiz noto‘g‘ri. Shar’iy yechim shuki, siz qarzdordan pulingizni talab qilasiz. Agar u to‘lashga qodir bo‘lmasa, ikkingiz o‘zaro kelishib, uskunani bozor narxida sotishingiz mumkin. Uskuna sotilgach, siz undan faqat o‘zingiz bergan qarz miqdorini olasiz, agar undan ortiqcha pul qolsa, albatta, o‘sha ortgan qismini egasiga qaytarishingiz shart. Agar qarzdor sotishga rozi bo‘lmasa, uni bunga majburlash uchun tegishli idoralarga murojaat qilish kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar