Taqdir taqozosi bilan turmushimdan ajrashib, qizlik uyimga kelib qoldim. Otam vafot etganlar, onam keksalar. Qizlik uyimda akam va uning oilasi bilan birga yashashga to‘g‘ri kelmoqda. Akam shu uyda yashayotganimdan norozi. Hatto qozonini ham alohida qilib olgan. Men bemorligim sababli o‘zim ishlab, ta’minotim uchun pul topishga imkonim yo‘q. Savolim shuki, shu holatimda menga nima deb maslahat berasiz.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Alloh taolo kimlarga nafaqa qilish kerakligi haqida shunday marhamat qilgan. “Nafaqa qilgan yaxshiligingizdan ota-onalarga, yaqin kishilarga, yetimlarga, miskinlarga va vatangadolarga bo‘lsin. Qanday yaxshilik qilgan bo‘lsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir...” ("Baqara" surasi, 215-oyat).
Nafaqaga loyiqlar ichida bekorga ota-onadan keyin yaqin qarindoshlar zikr qilinayotgani yo‘q. Inson tabiati o‘zi shuni taqozo qiladi. O‘zidan keyingi birinchi hakdor ota-onasi bo‘ladi. SHuningdek, yaqin kishilar, qarindoshlar haqdorlik jihatidan boshqalardan ustunlar. Nafaqa qilish xuddi shu tartibda bo‘lishi lozimligi Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislarida ham zikr qilingan. Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom bir kishiga: "Sadaqa qilishni o‘zingdan boshla, ortib qolsa ahlingga qil, agar ahlingdan ham ortib qolsa, qarindoshlaringga qil, agar qarindoshlaringdan ham ortib qolsa, ulardan boshqalarga va hokazo", deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Islomda ayol kishi hech qachon nafaqasiz qolmaydi. Qiz bolaning nafaqasi otaga vojib. Turmushga chiqqan bo‘lsa, eri uning yeb-ichishi, kiyimi va maskanini ta’minlab berishga mas’ul sanaladi. Agar ayolning eri bo‘lmasa, uning ta’minoti otasiga, agar otasi bo‘lmasa aka yoki ukalarining zimmasiga yuklanadi. Agar ularning imkoniyatlari bor bo‘la turib, ayol qarindoshlarini nafaqasiz tashlab qo‘ysalar, gunohkor bo‘ladilar. Bu xususda Rasululloh sollollohu alayhi vassallam hadislarining birida: “Kishi o‘z qaramog‘idagilarini nafaqasiz tashlab qo‘yishi uning qattiq gunohkorligiga kifoya qiladi”, deya marhamat qilganlar (Imom Abu Dovud rivoyati). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.