80 yoshli odam yomon amal qilsa o‘sha amali kechirilib, hisobga olinmaydimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Inson ma’lum bir yoshga yetgandan so‘ng uning gunohlari hisobga olinmaydi degan gap yo‘q. Shari’at qoidalariga ko‘ra faqat balog‘atga yetmagan bolalar va aqli za’if insonlarga gunoh yozilmaydi.
Lekin insonlarning eng yaxshisi yoshi ulug‘ va amallari chiroyli bo‘lgan insonlar alohida maqtalgan. Shuningdek, yoshi ulug‘ bo‘laturib, nomaqbul ishlar qiladigan kishilar mazammat qilingan.
عَنْ عَبْدِ الرّحْمَنِ بنِ أَبِي بَكْرَةَ عَنْ أَبِيهِ: “أَنّ رَجُلاً قَالَ يَا رَسُولَ الله أَيّ النّاسِ خَيْرٌ؟ قَالَ مَنْ طَالَ عُمُرهُ وَحَسُنَ عَمَلُهُ. قَالَ فَأَيّ النّاسِ شَرّ؟ قَالَ: مَنْ طَالَ عُمُرهُ وَسَاءَ عَمَلُهُ”.
Abdurahmon ibn Abu Bakra raziyallohu anhudan, u otasidan rivoyat qiladilar: “Bir kishi: “Ey, Allohning Rasuli! Insonlarning qaysinisi afzal” – dedi. U zot sallallohu alayhi vasallam: “Umri uzoq bo‘lib, amali chiroyli bo‘lgani” – dedilar. U: “Insonlarning qaysinisi yomon” – dedi. U zot sallallohu alayhi va sallam: “Umri uzoq bo‘lib, amali yomon bo‘lgani” – dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Insonlarning yaxshisi umri uzoq bo‘lib, amali go‘zal bo‘lgani ekan, doimo, Allohdan umri uzoq, amali solih bo‘lgan bandalardan qilishini so‘rashi lozim. Mana shundan yaxshi amallarsiz ko‘rilgan uzoq umrda inson uchun yaxshilik yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Chunki goho uzoq umr inson uchun yomon va zarar bo‘lib qolishi mumkin. Shu sababdan ba’zi ulamolar Allohdan quruq uzoq umr emas, balki toat ibodatda yaxshi amallar uzra o‘tadigan uzoq umrni so‘rashi lozim bo‘ladi, deyishgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.