QABRNING USTIDAGI HO‘L O‘TLARNI OLINMAYDI

ID: 721

04.04.2025

16

Savol:

Bundan bir necha yil avval dadam olamdan o‘tgan edi. Yaqinda qabristonga borgandim, dadamning qabri ustida turli xil o‘simliklar o‘sib, bir qarashda qabr qarovsizdek ahvolga kelib qolibdi. Qabr ustida o‘sib turgan o‘simliklarga tegmaslik kerak, salovat aytib turadi, o‘simlik qurigandan keyin olib tashlash kerak deb eshitganligim uchun tozalashga qo‘lim bormadi. Qabrning qarovsizdek qoldirishni ham istamayapman. Nima qilsam to‘g‘ri bo‘ladi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Qabrning  ustidagi ho‘l o‘tlarni olinmaydi, haqiqatan, har bir mavjudot, jumladan maysalar ham tasbeh aytadi. Bundan mayyitga foyda bo‘lishi umid qilinadi. Bu haqida Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: «Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam ikki qabr yonidan o‘tdilar va: «Albatta, ikkovlari azoblanmoqdalar. Katta narsa uchun azablanayotganlari yo‘q. Ha! Ulardan biri chaqimchilik qilib yurar edi. Boshqasi bo‘lsa, siydigidan poklanmas edi», dedilar».

Boshqa bir rivoyatda: «Siydigidan to‘sinmas edi», dedilar. So‘ngra, bir xo‘l shoxni olib, ikkiga bo‘lib har birini bittadan qabrga sanchib qo‘ydilarda: «Shoyadki, ikkovi quruguncha u ikkisidan (azob) yengillatib turilsa», dedilar» (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyat qilishgan).

Qabrni tartibga solish uchun qurigan maysalarni olib tashlash, qabrni loy bilan suvab qo‘yish joiz. Qabrlarga tiriklar uchun foydali bo‘lgan narsalar ishlatilmaydi, masalan, temir, pishiq g‘isht, taxta va hokazolar. Juda zarur bo‘lgandagina ishlatish mumkin. Qabrga, belgi bo‘lib turishi uchun, odam ko‘tara oladigan kattalikdagi tosh qo‘yish mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar