QABRISTONGA BORILGANDA QAYSI SURALARNI O‘QISH KERAK?

ID: 846

04.04.2025

21

Savol:

Qabr boshiga borganda "Fotiha" surasiga qo‘shib yana qaysilarini o‘qish mumkin?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Dinimizda qabristonga borganda qaysi sura yoki oyatlarni o‘qish kerakligi qat’iy belgilab qo‘yilmagan. Qur’oni karimning qaysi joyidan yaxshi o‘qiy olsa, o‘sha yeridan istagancha o‘qiydi. Keyin qiroatni savobini mayyitga baxshida qiladi.

Aksariyat fiqhiy manbalarimizda qabristondagi Qur’on tilovati biror suraga cheklab qo‘yilmagan:

وَيُسْتَحَبُّ إذَا دُفِنَ الْمَيِّتُ أَنْ يَجْلِسُوا سَاعَةً عِنْدَ الْقَبْرِ بَعْدَ الْفَرَاغِ بِقَدْرِ مَا يُنْحَرُ جَزُورٌ وَيُقَسَّمُ لَحْمُهَا يَتْلُونَ الْقُرْآنَ وَيَدْعُونَ لِلْمَيِّتِ

Ya’ni: “Mayyit dafn qilingach, go‘yo bir tuya so‘yilib, go‘shti taqsimlanadigan muddatcha  qabr yonida Qur’on tilovati va duo qilib turishlari mustahabdir” (“Al-Javharotun-nayyiroh” kitobi).

Lekin hadisi shariflarda ba’zi sura yoki oyatlarni o‘qish fazilatli ekaniga ishoralar bor. “Sahihi Buxoriy”ga sharh yozgan hanafiy alloma Badriddin Ayniy shunday deydilar:

وروى أبو داود من حديث معقل بن يسار قال قال رسول الله اقرأوا يس على موتاكم وأخرجه النسائي وابن ماجه أيضا فالحديث يدل على أن الميت ينتفع بقراءة القرآن عنده وهو حجة على من قال إن الميت لا ينتفع بقراءة القرآن

ya’ni: “Imom Abu Dovud Ma’qal ibn Yasor raziyallohu anhudan rivoyat qiladi. U kishi aytdilar: “Rasululloh alayhissalom: “O‘liklaringizga “YAsin” surasini o‘qing”, — deganlar”. Bu hadisni Imom Nasoiy va Imom Ibn Moja ham rivoyat qilishgan. Qolaversa ushbu rivoyat mayyit yonida o‘qilgan Qur’ondan manfaat olishiga dalolat qiladi va: “Mayyit Qur’on qiroatidan manfaat ko‘rmaydi”, -deganlarga qarshi hujjat bo‘ladi” (“Umdatul-qori” kitobi).

Sahobalar ichida qabri boshida Qur’on tilovat qilishni vasiyat qilib ketganlari bor edi. Chunki ular shu narsada mayyitga foyda borligini Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan eshitganlar. Abdurrahmon ibn Alo ibn Lajlajdan, u kishi otasidan rivoyat qiladi:

قَالَ لِي أَبِي: يَا بُنَيَّ، إِذَا أَنَا مُتُّ، فَأَلْحِدْنِي، فَإِذَا وَضَعْتَنِي فِي لَحْدِي، فَقُلْ: بِسْمِ اللهِ، وَعَلَى مِلَّةِ رَسُولِ اللهِ، ثُمَّ سِنَّ عَلَيَّ الثَّرَى سِنًّا، ثُمَّ اقْرَأْ عِنْدَ رَأْسِي بِفَاتِحَةِ الْبَقَرَةِ وَخَاتِمَتِهَا، فَإِنِّي سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ ذَلِكَ. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ

ya’ni: “Otam menga: “Ey o‘g‘ilcham! Agar vafot etsam, meni lahadga qo‘ygin. Lahadimga qo‘yib bo‘lgach: «Bismillahi va ala millati Rasulillah», deb ustimga tuproq tortgin. Keyin bosh tomonimda Baqara surasining avvali va oxirini o‘qigin, chunki men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning mana shunday deganlarini eshitganman”, – dedi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Shuningdek, Imom Ibn Moja Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘tganlar haqqiga "Fotiha" surasini o‘qishni buyurganlarini ham rivoyat qilgan.

Bu mavzuda “Bahrur-roiq” kitobida quyidagi jumlalar keltirilgan:

وَالشَّيْخُ مُحَمَّدُ بْنُ إبْرَاهِيمَ قَالَ لَا بَأْسَ أَنْ يَقْرَأَ سُورَةَ الْمُلْكِ عَلَى الْمَقَابِرِ سَوَاءٌ أَخْفَاهَا أَوْ جَهَرَ بِهَا أَمَّا غَيْرُهَا فَلَا يَقْرَؤُهَا لِوُرُودِ الْآثَارِ بِسُورَةِ الْمُلْكِ وَعَنْ أَبِي بَكْرٍ بْنِ أَبِي سَعِيدٍ يُسْتَحَبُّ زِيَارَةُ الْقَبْرِ وَقِرَاءَةُ سُورَةِ الْإِخْلَاصِ سَبْعَ مَرَّاتٍ فَإِنْ كَانَ الْمَيِّتُ غَيْرَ مَغْفُورٍ لَهُ غُفِرَ

ya’ni: “Shayx Muhammad ibn Ibrohim aytadilar: “Qabristonda xoh jahriy bo‘lsin, xoh maxfiy bo‘lsin “Mulk” surasini o‘qishning zarari yo‘q. Chunki u to‘g‘risida hadislar vorid bo‘lgan. Ammo boshqasini o‘qimaydi”. Abu Bakr ibn Abu Sa’iddan rivoyat qilinadi: “Qabrlarni ziyorat qilish va Ixlos surasini yetti marta o‘qish mustahabdir. Shu sabab mayyitning kechirilmagan gunohlari kechiriladi” (“Bahrur roiq” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar