QABRISTONDA TAOM PISHIRIB YEYISH JOIZMI?

ID: 783

04.04.2025

23

Savol:

Qabristonda taom pishirib yeyish munkinmi? Bizda mahalla yig‘ilib erta bahor hashar kilib, jonliq so‘yib taom pishirib yeyiladi. Shu joizmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Qabristonga borgan kishi o‘sha joyda yotganlarning holidan va o‘zi ham bir kun kelib ularning qatoriga qo‘shilishidan ibratlanishi lozimdir. Ularning haqlariga duoi xayrlar qilishi, istig‘for aytishi maqsadga muvofiqdir. Qabriston yeb-ichadigan, o‘yin- kulgi qiladigan, joy emas. Hatto u yerda baland ovozda gapirishdan ham qaytarilgan. Ammo favqulodda,  qabristonda biror narsa yeyish yoki ichish zarurati tug‘ilsa, bu joizdir. Ammo odamlar to‘planib, jamoa bo‘lib, ziyofat uyushtirishlar mumkin emas. Burayda raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom:

إني كنتُ نَهيتكم عن زيارة القبور، فزوروها؛ فإنها تُذكِّركم الآخرة وفي رواية: ولا تَقولوا هُجْرًا

ya’ni: “Albatta men sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Endi ziyorat qilaveringlar. Zero u sizlarga oxiratni eslatadi!” Yana bir rivoyatda: botil gap gapirmanglar!” – deganlar. (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyatlari).

Muhammad al-Xodimiy al-Hanafiy “Bariqatul Mahmudiya” kitobida aytadilar:

ويكره الأكل عند المقابر والضحك أيضاً عندها، لأن مثل هذا محل اعتبار وتذكر الآخرة والأكل والضحك منافٍ لهما.

ya’ni: “Qabrlar oldida yeb-ichish makruh hisoblanadi. Shuningdek kulish ham makruh. Chunki bu kabi joylar ibratlanish, oxiratni eslash o‘rnidir. (Qabristonda) yeyish va kulish esa oxiratni eslashga zid keladi”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar