Hojat namozi to‘g‘risida tushuncha bersangiz, o‘g‘lim qattiq qo‘rqishdan ruhiy kasal bo‘lib qolgan. Hojat namozi o‘qib Allohdan shifo so‘rasam bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Hojat namozi nafl namozlardan bo‘lib, uni ikki yoki to‘rt rak’at o‘qish mumkin. Hojat namozining o‘qilish tartibi quyidagi hadisda bayon qilingan:
Foid ibn Abdurrohman ibn Abdulloh ibn Abi Avfa raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqib shunday dedilar: “Kimning Allohga va Odam bolalaridan birortasiga hojati bo‘lsa, yaxshilab tahorat qilib, so‘ngra ikki rak’at namoz o‘qisin. Keyin Allohga sano, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salovot aytsin. Keyin: “Laa ilaha illallohul Halimul Kariym, subhaanallohi Robbil arshil aziym. Alhamdu lillahi Robbil ’aalamin. As-aluka mujibaati rohmatik, va azaaimi mag‘firotik, val g‘oniymata min kulli birr, vas-salaamata min kulli ism. Laa tada’ liy zanban illa g‘ofartah, va laa hamman illa farrojtah, va laa haajatan hiya laka rizon illa qozoytah, yaa arhamar-rohimiyn!” desin” (Imom Termiziy rivoyati).
Duoning ma’nosi: “Halimu Karim Allohdan o‘zga (ibodatga sazovor) ma’bud yo‘q. Ulug‘ Arshning Robbi Alloh pokdir. Olamlarning Robbi Allohga hamdlar bo‘lsin. Men Sendan rahmatingni vojib qiluvchi, mag‘firatingni taqozo qiluvchi narsalarni so‘rayman, barcha yaxshiliklardan nasiba, barcha yomonliklardan salomat bo‘lishni so‘rayman. Mening hech bir gunohimni qo‘ymay mag‘firat qilgin, hech bir g‘amimni qo‘ymay kushoyish qilgin, O‘zing rozi bo‘lgan hech bir hojatimni qo‘ymay albatta ravo qilgin, ey rahmlilarning rahmlisi!”.
Demak, hadisdan ma’lum bo‘lmoqdaki, kishi ikki rak’at namozni o‘qib tugatgach, Alloh taologa hamd, Payg‘ambarimiz alayhissalomga salovat aytib so‘ng hadisda kelgan duoni (arabiy duoni yodlashi afzal) o‘qib, undan so‘ng hojatlarini so‘rashi mumkin. “Hojat namozi”ning rak’atlari borasida “Fatovo Hindiya”, “Roddul Muhtor” kitoblarida ikki rak’at yoki to‘rt rak’at ekanligi aytilgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.