To‘ydan oldin yigit va qiz uchrashishlari mumkinmi? Qizning otasi yigit bilan ko‘rishsa ham bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bo‘lajak kelin va kuyov nikohdan avval ko‘rishishlariga ruxsat berilgan.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon biringiz biror ayolga sovchi qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, agar uning nikohiga chorlovchi narsaga nazar solishga qodir bo‘lsa, shuni qilsin», dedilar» (Abu Dovud, SHofeiy va Hokim rivoyat qilishgan).
Mug‘iyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U kishi bir ayolga sovchi qo‘ymoqchi bo‘lganida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Unga nazar sol, chunki bundoq qilish ikkingiz orangizda bardavomlikka kerakdir», dedilar» (Nasaiy va Termiziy rivoyat qilishgan).
Ammo bu ko‘rishishga yolg‘iz qolmaslik sharti bilan ruxsat etiladi. Unashtirilgandan keyin ham gaplashishlari, ko‘rishib yurishlariga ruxsat yo‘q. Chunki bu ishlar zinoga eshik vazifasini bajarishi mumkin. Faqat ikki tomon bir-birini yuzaki bilib oladigan darajadagi uchrashuvga, u ham xilvatda bo‘lmasligi sharti bilan ruxsat berilgan. Bunday ma’lumot bir-ikki uchrashuv bilan hosil bo‘ladi.
Qizning otasi yigit bilan ko‘rishishi borasida ikki tomon ixtiyorli. Agar ko‘rishmoqchi bo‘lsalar, bunga shariatda biror qaytariq yo‘q. Ammo bu uchrashuvga yuqoridagi kabi tavsiyalar kelgan emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.