XOTINIGA KETMA-KET TO‘RT MARTA "TALOQSAN" DESA NIMA BO‘LADI?

ID: 855

04.04.2025

302

Savol:

Mening bir yaqinim ayoliga taloq, taloq, taloq, taloq, deb aytibdi. Shunda ayoliga nechta taloq tushgan? Ular endi yarashib yashab ketishi mumkinmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Kishi xotiniga sen taloq, taloq, taloq deb aytsa, uch taloq tushadi. Va xotin begona bo‘lib, qayta nikoh o‘qitish mumkin bo‘lmaydi. Yaqiningiz aytgan to‘rtta taloqning uchtasi tushib, to‘rtinchi taloq degan so‘zi uchun gunohkor bo‘ladi. Chunki shariatda taloqning ko‘pi uchta xolos.

Er endigina uylanib, xotini bilan nikoh o‘qilgandan keyin jinsiy aloqa qilmagan yoki yaqinlik qilishga imkoniyat (xilvati sahiha) bo‘lmagan bo‘lsa, birinchi marta taloqsan deyishi bilan boin taloq tushadi va qolgan taloqlar tushmaydi. Ya’ni, bir taloq boin bo‘lib, ajrashadilar. Ularda xohlasalar, qayta nikohlanish imkoni bo‘ladi.

Alloma Alouddin Kosoniy shunday deydilar:  

ولو قال لها أنت طالق طالق أوقال أنت طالق أنت طالق ... يقع ثنتان إذا كانت المرأة مدخولا بها

ya’ni: “Agar er madxula (ya’ni, nikohdan keyin jinsiy aloqa qilgan yoki aloqa qilishga imkon bo‘lgan) xotiniga sen taloq, taloq desa yoki sen taloq, sen taloq desa, ikki taloq tushadi (“Badoyeus-sanoye’” kitobi).

Shuni ham eslatib o‘tamizki, taloq masalasini er-xotin ishtirokida o‘zlariga yaqin hududagi rasmiy imom-xatib huzurida jonli majlisda guvohlarning (agar bor bo‘lsa) so‘zlarini eshitib keyin hal qilinadi. Chunki odatda erning gapi boshqa, ayolniki boshqa, eshitganlarning gapi yana boshqacha chiqib qoladi.

Ming taassufki, hozirda taloq borasida yetarlicha bilimga ega bo‘lmaslik oqibatida bo‘lar-bo‘lmasga er ayolini qo‘rqitish uchun taloq so‘zini ishlatishga, ayol ham men sendan qolamanmi, talog‘imni ber deb, undan qo‘rqmasligini isbotlamoqchi bo‘ladilar. Holbuki, ko‘p janjallarni taloqsiz ham hal qilish mumkin. Vallohu a’lam.   

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar