Tahoratda bo‘yinga mash tortish bid’atmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Hanafiy mazhabimizda bo‘yinga mash tortish mustahabdir. Ya’ni, bajarilsa savob, bajarilmasa gunoh emas. Bu haqida bir qancha rivoyatlar mavjud. Jumladan,
رَوَى أَبُو الْحَسَنِ ابْنُ الْفَارِسِ بِإِسْنَادِهِ عَنِ ابْنِ عُمَرَ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عليه وسلم قَالَ: "مَنْ تَوَضَّأَ وَمَسَحَ بِيَدَيْهِ عَلَى عُنُقِهِ وُقِيَ الْغُلُّ يَوْمَ الْقِيَامَةِ".
ya’ni: “Abulhasan ibn Foris rahmatullohi alayh Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim tahorat qilib, bo‘yniga ikki qo‘li ila mash tortsa, qiyomat kuni g‘uldan saqlanadi”, dedilar”. Hadisdagi “g‘ul” – “temir bo‘yinbog‘”, “kishan” deganidir. Mazhabimizdagi barcha mo‘tabar fiqh kitoblarida bo‘yinga mash tortishni mustahab ekani bayon qilingan. Jumladan, “Al-Bahrur roiq” kitobida shunday deyiladi:
وَاسْتَدَلَّ فِي فَتْحِ الْقَدِيرِ عَلَى اسْتِحْبَابِ مَسْحِ الرَّقَبَةِ أَنَّهُ عَلَيْهِ السَّلَامُ مَسَحَ ظَاهِرَ رَقَبَتِهِ مَعَ مَسْحِ الرَّأْسِ
ya’ni: “Fathul qodir” kitobida bo‘yinga mash tortish mustahab ekaniga Payg‘ambarimiz alayhissalom boshlariga mash tortish bilan birga bo‘yinlariga ham mash tortganlarini dalil qilib keltirilgan”. “Majmaul anhur” kitobida quyidagicha bayon qilingan:
وَمُسْتَحَبُّ الْوُضُوءِ مَسْحُ الرَّقَبَةِ لَا الْحُلْقُومِ فَإِنَّ مَسْحَهُ بِدْعَةٌ
ya’ni: “Tahoratning mustahabi – bo‘yinga mash tortishdir. Halqumga mash tortilmaydi, chunki halqumga mash tortish bid’atdir”. Bo‘yinga qo‘l barmoqlarining orqa tomoni bilan mash tortiladi. Bunda qo‘l qaytadan ho‘llanmaydi, balki, boshga mash tortish uchun hullangan qo‘l kifoyadir. Alloma Abdulhay Laknaviy rahmatullohi alayh bu masala bo‘yicha alohida kitob yozib, uni “Tuhfatut tolabati fiy tahqiqi mashir roqobati” (ya’ni, “Bo‘yinga mash tortishni aniqlashda talabalarga tuhfa”) deb nomladilar. Abdulhay Laknaviy hazratlari bu kitobda bo‘yinga mash tortish haqidagi barcha rivoyat va ulamolarning fikrlarini o‘rganib chiqib, masalaga quyidagicha xulosa qilganlar: “Bo‘yinga mash tortish haqida har xil fikrlar mavjud. Kimlardir bu amalni sunnat desa, kimlardir bid’at degan va yana kimlardir mustahab desa, boshqalar esa, makruh degan. Bu masala borasida zaif bo‘lsada bir qancha hadislar mavjud. Ba’zilar esa juda mubolag‘aga berilib, bu hadislarni to‘qima degan. Xulosa qiladigan bo‘lsak, bu mavzuda ulamolar ixtiyor qilgan gap shuki, bo‘yinga mash tortish mustahab, kim uni qilsa, yaxshi ishni qilgan bo‘ladi. Kim qilmasa, zarari yo‘q. Bu haqida kelgan hadislar garchi zaif bo‘lsada, lekin, bo‘yinga mash tortishda fazilat borligini isbot qilishga kifoya qiladi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.