Bugungi kunda internetda turli xil usullar bilan pul topish avj olib ketdi. Yaqinda bir tanishim menga bir taklifni aytib qoldi. Unga ko‘ra men qanchadir summani hadya yoki ehson qilsam, menga ham kamida sakkizta odam o‘shancha summani hadya qilar ekan. Men ham sakkizta odam qo‘shsam, oladigan sovg‘am ikki barobarga ortar ekan. Shu tarzda men topgan odamlar ham odam qo‘shgani sari meni oladigan hadyalarim miqdori ko‘payib boraverar ekan. Bu dasturga hatto zakot va fidya yoki boshqa sadaqalarni ham berilsa, joiz emish. Savolim shundan iboratki: ushbu dastur orqali pul topish menga halolmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ha, bu kabi o‘yin va platformalar kun sayin ko‘payib va unda ishtirok etuvchilar soni ham tobora ortib bormoqda. Afsuski, ko‘p hollarda bu kabi o‘yinlarning ortida firibgarlar turadi va ular ma’lum bir miqdor, ya’ni o‘zlari uchun yetarli mablag‘ to‘planganidan keyin birdan g‘oib bo‘lib qoladilar va unga pul tikkan jabrdiydalar kimga va qayerga murojaat qilishni ham bilmaydilar. Chunki odatda bunday firibgarlar hech qayerdan rasman ro‘yxatdan o‘tmagan va davlat tomonidan hech qanday sertifikatga ega bo‘lmagan holda amaliyot olib boradilar. Ikkinchidan bularning ko‘plarida qimor va riboning alomatlari borligi uchun shar’an harom hisoblanadi. Ya’ni shariatimizga ko‘ra, ma’lum bir miqdorda pul berib, uni ustiga ma’lum bir qo‘shimcha bilan qaytarib olish bu ribodir. Ribo esa, haromdir. Yuqoridagi holatda ular garchi berilayotgan mablag‘ni hadya yoki sovg‘a deb atasa ham, aslida niyat hadya emas, balki ma’lum bir mablag‘ni sakkiz barobar yoki undan ham ortiq qilib qaytarib olishdir. Shunday bo‘lgach, uni nima deb atalsa ham ribo hisoblanadi. Xuddi porani sovg‘a yoki hadya deyilsa ham baribir pora bo‘lgani kabi. Bundan tashqari bu dasturda moliyaviy piramida alomatlari mavjud. Ya’ni siz sakkizta odamni qo‘shishingiz shart etilmoqda va o‘z o‘rnida ular ham sakkiztadan odam qo‘shishlari kerak va hokazo. Bu esa aynan moliyaviy piramida bo‘lib, u qimor hisoblanadi. Shunga ko‘ra, yuqoridagi kabi ribo, tovlamachilik va qimor shartlari topilgan har qanday amaliyot harom va nojoizdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.