PUL OLDI-BERDI, QARZ MASALASIDA

ID: 3072

06.10.2025

137

Savol:

Assalomu alaykum, bir masalada sizlardan so‘ramoqchidim, misol uchun bir odam mandan 200 $ (Aqsh dollarida) qarz so‘rasa, lekin bu miqdordagi pul faqat manda so‘m ko‘rinishida mavjud bo‘lsa, uni bu xaqda xabarlab 1 $ - 12000 so‘m desak, 2 400 000 so‘m pulim bor, lekin buni sizga dollar sifatida beraman desam, u pulni shu taklifga rozi bo‘lib olsa, qaytarish vaqtida u dollar qaytarishi kerakmi yoki u ham o‘sha kundagi kursi bo‘yicha so‘mda qaytarsa bo‘ladimi, misol uchun o‘sha kunda kurs 1 $ - 12500 so‘m deylik, unda 2 500 000 so‘m ko‘rinishida olsa bo‘ladimi, baribir kelishuv dollar pul birligida kelishilgan. Xabarim pul bir jinsda bo‘lsa ortiqcha olish sudxurlik bo‘ladi, lekin bu yerda kelishuv dollar birligida bo‘lvotdiku, shu xaqda ma’lumot bersangiz. Oldindan katta rahmat

Javob:

Fiqhga ko‘ra, qarz qaysi pul birligida va qancha miqdorda berilsa, aynan o‘sha miqdorda va o‘sha valyutada qaytarilishi shart. Sizning holatingizda, amalda 2 400 000 so‘m berilgani uchun qarzdorlik so‘mda yuzaga kelgan va uni dollarga bog‘lab bo‘lmaydi.

Berilgan so‘m miqdorini o‘sha vaqtdagi kurs bo‘yicha dollarga chaqib, keyinchalik yangi kurs bo‘yicha so‘mda qaytarishni talab qilish shar’an joiz emas. Bunda yuzaga keladigan har qanday qo‘shimcha foyda (bu sizning masalangizda 100 000 so‘m) shariatda qat’iy man etilgan ribo hisoblanadi. Chunki fiqhda "qarzlar o‘z mislicha ado etiladi" degan qoida bor.

Agar qarzni dollarda berishni istasangiz, avval o‘zingiz so‘mni dollarga aylantirib, qarz oluvchiga aynan AQSh dollarini berishingiz lozim edi. Xulosa shuki, qarzdor sizga faqat olgan miqdorini, ya’ni 2 400 000 so‘mni qaytarishi lozim.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar