PUL O‘G‘IRLASH

ID: 454

04.04.2025

10

Savol:

Yaqinda men birovni pulini o‘g‘irladim, lekin ozroq qismini joyiga qo‘ydim, qolganini ham quyish niyatim bor. Lekin u odam juda ham ichi qora odam. Hammani bir-biriga yomonlab yuradi, meni ham boshqalarga yomonlab, yomon ko‘rsatib tashlagan. Lekin men Allohdan qo‘rqganligim uchun u pullarni joyiga qo‘ymoqchiman, u pulni olganimdan xabari yo‘q. Menga qanday maslahat bera olasiz?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Musulmon uchun birovning moli harom, faqat chin ko‘ngildan bersagina halol bo‘ladi. O‘zganing molini bildirmasdan olish o‘g‘irlik deyiladi va bu ish Islomda qo‘l kesishdek og‘ir jazo belgilangan gunohi kabira, ya’ni ulkan halokatga olib boruvchi gunohlardan hisoblanadi.

Bu borada Alloh taolo bunday degan:

{وَالسَّارِقُ وَالسَّارِقَةُ فَاقْطَعُوا أَيْدِيَهُمَا جَزَاءً بِمَا كَسَبَا نَكَالًا مِنَ اللَّهِ وَاللَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ} 

ya’ni: "O‘g‘ri erkak va o‘g‘ri ayolning – qilmishlariga yarasha jazo va Allohdan (berilgan) azob sifatida – qo‘llarini kesingiz!* Alloh qudrat va hikmat egasidir" (Moida surasi, 38-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bu borada mana bunday deb marhamat qilganlar:

لا يحل مال رجل مسلم لأخيه إلا ما أعطاه بطيب نفسه

"Musulmon kishining moli birodariga halol bo‘lmaydi, faqat o‘zi unga chin ko‘ngildan bilan bersa haloldir" (Bayhaqiy, 8/16533). Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hajjat al-vado’da aytgan gaplari qat’iydir:

فَإِنَّ دِمَاءَكُمْ وَأَمْوَالَكُمْ وَأَعْرَاضَكُمْ بَيْنَكُمْ حَرَامٌ

"Albatta sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz bir-birlaringizga haromdir!..." (Buxoriy, 1/67).

Siz tezlik bilan qolgan pullarini ham qaytaring. Qilgan ishingizga astoydil pushaymon bo‘lib tavba qiling.

Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tish kerakki, Islomda yomon insonga har qanday odam o‘zi istagancha jazo berib ketavermaydi. Balki buni mas’ul shaxslar va tashkilotlarga havola qilinadi va ular munosib tarzda chorasini ko‘radilar. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar