Ayol kishi paypoqsiz namoz o‘qisa bo‘ladimi yoki mumkinmasmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bu savolning javobi ayol oyog‘ining to‘pig‘idan pastki qismi avratmi yoki avrat emasmi, degan masalaga bog‘liq.
Hanafiy mazhabi ulamolarining ko‘pchiligi dalillarni o‘rganib chiqib ayollar oyog‘ining to‘pig‘dan pasti avrat emas, degan xulosaga kelganlar. Jumladan, bu masalani Imom Nasafiy o‘zlarining “Kanz ad-daqoiq” kitobida va uni sharhlagan Ibn Nujaym va Zayla’iylar, Imom Marg‘iloniy o‘zlarining “Al-Hidoya” kitobida, Imom Mavsiliy “Al-Ixtiyor” nomli kitoblarida zikr qilishgan.
Imom Abu Bakr ibn Ali al-Haddodiy “Al-Javhara an-nayyira” kitobida: “Sahih so‘z – to‘piqdan pasti qarash va ushlash to‘g‘risida avratdir, namoz masalasida avrat emas (ya’ni, nomahramni to‘pig‘idan pastini ushlash va shahvat bilan qarash joiz emas)”, deganlar.
Imom Qozixon esa: “To‘piqdan pasti haqida ikki xil rivoyat bor. To‘g‘rirog‘i – to‘piqdan pastning to‘rtdan biri ochilishi namozni buzadi”, deganlar.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, ko‘pchilik ulamolarning so‘zlariga ko‘ra ayol kishi paypoqsiz namoz o‘qishi joiz. Lekin ixtilofdan qochish ma’nosida imkon boricha paypoq bilan o‘qishlari ehtiyotroqdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.