PORA ORQALI ERISHILGAN NARSADAN FOYDALANISH

ID: 869

04.04.2025

52

Savol:

Men haydovchilik guvohnomasini oldim. Faqat dadamning majburiyati bilan o‘qishga bormay pul berib, baho qo‘ydirdim. Bu guvohnomani ishlatganim yo‘q. Agar bu berilgan pul harom ekanini ota-onamga aytsam ular aql o‘rgatma, deyishlari mumkin. Oilamizda muhit shunaqa. O‘sha guvohnomadan foydalansam bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Pora berish va olish shar’an haromdir.  Chunki Qur’oni karim oyatlari va ko‘plab hadisi shariflarda bu ishdan qaytarilgan. Qolaversa, pora berish bilan o‘zgalar haqqini poymol qilish yoki bir ishni aslidan o‘zgacha qilib ko‘rsatish yuzaga keladi.

Islom – jamiyatda insonlar orasida eng avvalo adolat mezonlarini o‘rnatish ishlariga e’tibor qaratadi. Xususan, Alloh taolo Qur’oni Karimda quyidagicha marhamat qiladi:

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ

"Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!" (Baqara surasi, 188-oyat).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo bandalarni bir-birlarining molini botil yo‘llar bilan yeyish harom ekanligini ma’lum qilmoqda. Imom Qurtubiy aytadilar: “Oyatdagi botil yo‘l bilan yemaslik”ka haromning barcha turlari, jumladan qimor, aldamchilik, talonchilik, o‘g‘irlik va boshqalar kiradi. Poraxo‘rlik ham shu jumladandir.

Hadisi sharifda esa:

عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: لَعَن رسول الله صلى الله عليه وسلم الرَّاشِي والمُرْتَشِي في الحُكْم

“Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hukm chiqarishda pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la’natladilar” (Imom Termiziy, Imom Ibn Hibbon, Imom Hokim rivoyati).

Ulamolarimiz porani bir qancha turlarga bo‘lib o‘rganganlar;

  • Agar bir kishi pora berib qozi bo‘lsa, qozi hisoblanmaydi. Bu holatda pora oluvchiga ham, qozi bo‘luvchiga ham haromdir.

  • Qoziga uning foydasiga hukm qilishini ko‘zlagan holda pora berishda — u  ikki tomonga ham harom bo‘ladi. Qozining hukmi xoh haq bo‘lsin, xohi nohaq bo‘lsin, buning farqi yo‘q.

  • O‘zining jonidan yoki mol-mulkidan qo‘rqib, birovga pora bergan bo‘lsa bunday pora oluvchiga harom, beruvchiga harom emas. Agar birov uning molidan tama qilsa, molidan bir qismini unga bersa ham xuddi shundaydir.

Siz pora berganingiz uchun gunohkor bo‘lgansiz. Buning uchun tavba qilish, istig‘for aytish lozim bo‘ladi. “Haydovchilik guvohnomasi”dan foydalanishga kelsak, agar yo‘l harakati qoidalarini yaxshi o‘zlashtirib, unga loyiq bo‘lsangiz, bu guvohnomadan foydalanishingiz mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar