Uzoq safarlarga chiqqanda samolyot yoki poyezdlarda namoz vaqtlari to‘g‘ri keladi. Shunda qanday yo‘l tutish kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Agar musofir kishi poyezd, kema va samolyotda ketayotgan bo‘lsa-yu unda qiblaga yuzlanib, tik turib va ruku, sajda qilib namoz o‘qishga imkon va sharoit bo‘lsa, albatta namozni barcha qonun-qoidalariga amal qilib, mukammal holda ado qiladi. Agar imkon va sharoit bo‘lmasa, musofir kishi namozni qazo qilmasdan, o‘tirib, imo-ishora qilib, ulov ketayotgan tarafga qarab ado qiladi. Bunga ulamolarimiz quyidagi oyati karimani dalil qiladilar:
لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا
ya’ni: “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi” (Baqara surasi, 286-oyat).
Agar ulov avtobus bo‘lib, namoz vaqtida to‘xtamaydigan bo‘lsa va to‘xtatishni ham iloji bo‘lmasa, musofir kishi namozni qazo qilmasdan o‘tirgan joyida imo-ishora bilan ulov ketayotgan tarafga qarab namozini o‘qiydi. Ba’zi ulamolar: mana shunday avtobusda o‘qilgan namozni kishi manziliga yetganidan keyin ehtiyot nuqtai-nazaridan qayta o‘qib olishi maqsadga muvofiq bo‘ladi deganlar.
Haydovchi ulovini haydash paytida hech bir namozni o‘qishi durust emas, chunki uni qo‘l va oyog‘i harakatlanib turadi va bunday holatda namoz buzilib qoladi. Bu haqida Xulosatul fatovo kitobida shunday deyilgan:
أمَّا إذا سيَّرها صاحبها فلا يجوزُ التطوُّع ولا الفرض
ya’ni: “Haydovchi ulovni haydash jarayonida nafl yoki farz namozlarni o‘qishi joiz emas”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.