Agar peshin namozining 4 rakatli sunnatini o‘qishga ulgurmasdan jamoat farzini o‘qishga majbur bo‘lsam. Farzdan keyin qaysi bir sunnatni o‘qiyman. 4 rakatli sunnatmi yoki 2 rakatli sunnatmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bu masala ulamolarimiz o‘rtasida ixtiloflidir. Lekin ixtilof makruhlik yo haromlik haqida emas, balki qaysi birini avval o‘qish afzalligi borasidadir.
Imom Abu Hanifa va Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayhimdan ikki rakatli sunnat avval o‘qilishi, Imom Muhammad rahmatullohi alayhdan esa to‘rt rakatli sunnat avval o‘qilishi rivoyat qilingan.
Mazkur ulug‘ imomlarimizdan keyin kelgan olimlarning masalaga yondoshuvi ham turlicha bo‘lgan. Masalan, Hanafiy mazhabining mo‘’tabar fiqhiy matn kitoblari, “Tabyinul Haqoiq”, “Sirojul vahhoj” kitoblarida 4 rakatli sunnatni avval o‘qishga fatvo berilgan bo‘lsa, “Fathul qadir”, “Fatovol attobiya”, “Jome’u Qozixon”, “Fathu bobil inoya” kitoblarida ikki rakatli sunnatni avval o‘qish sahih qavl deyilgan. Har ikki tarafning ham o‘z dalil va sabablari bor.
Demak, bu masalada mazhabimiz hukmni keng olgan. Har ikki holat ham noto‘g‘ri emas, masala afzallik haqida ketgan. Bu o‘rinda eng muhimi, masalani ikki tomon bo‘lib olib, ixtilof va janjalga olib kelmaslik kerak. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.