Paypoqqa mash tortgan imomga ergashish mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Imomning maxsisini qanday ekanini aniq bilish lozim. Agar hozirgi kunimizdagi sintetik, ya’ni odatiy paypoqqa mash tortib namoz o‘qiyotgan bo‘lsa, unday imomga mutlaqo iqtido qilib bo‘lmaydi. Chunki o‘sha imom tahoratda bitta farzni tark qilayotgan bo‘ladi.
Paypoqqa mash tortib bo‘lmaslik haqidagi dalillardan xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, barcha faqihlar va mujtahidlar suv sizib o‘tadigan, oyoqda o‘zini tutib tura olmaydigan, ya’ni bog‘ichsiz tushib ketadigan, safar masofasi (96 km)gacha kiyib yurilsa, yirtilib ketadigan paypoqlar va poyafzalga mash tortish joiz emasligiga ittifoq qilganlar. Bugungi kunimizda kiyilayotgan ip, paxta, jun, neylon va boshqa narsalardan qilingan paypoqlarda yuqorida ulamolarimiz aytib o‘tgan javroblarning xususiyatlari yo‘q, shuning uchun ularga mash tortib bo‘lmaydi.
Agar kimdir hozirgi yupqa paypoqlarga mash tortayotgan bo‘lsa, Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari hamda Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhimning mazhablariga ko‘ra, uning tahorati durust bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.