PAYG‘AMBARLAR HAQIDA QANDAY E’TIQOD QILAMIZ

ID: 979

04.04.2025

87

Savol:

Rasul va nabiylar haqida qanday e’tiqod qilishimiz kerak?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Rasul va nabiylar haqida e’tiqod qilishimiz vojib bo‘lgan narsalar uchtadir:

1.  Sidq

2.  Tablig‘

3.  Omonat 

Ulamolardan ba’zilari yuqoridagilarga “fatonat”ni ham qo‘shganlar. 

Sidq – xabarning voqe’likka to‘g‘ri kelishi. Payg‘ambarlar bizga Alloh taolodan keltirgan har bir xabarda rostgo‘y ekanliklariga imon keltirishimiz vojibdir.

Tablig‘ – Allohning shariatini odamlarga yetkazish. Nabiy va rasullar Alloh ularga topshirgan vazifani bekamu-ko‘st bajarganlari, shariatdan biror narsani yashirmaganlariga imon keltiramiz. Bu haqida Alloh taolo shunday deydi:

يَا أَيُّهَا الرَّسُولُ بَلِّغْ مَا أُنْزِلَ إِلَيْكَ مِنْ رَبِّكَ وَإِنْ لَمْ تَفْعَلْ فَمَا بَلَّغْتَ رِسَالَتَهُ...

ya’ni: “Ey, Rasul! Rabbingizdan Sizga nozil qilingan narsa (oyatlar)ni (odamlarga) yetkazing! Agar (buni) qilmasangiz, Uning risolasi (topshirig‘i)ni yetkazmagan bo‘lursiz...” (Moida surasi 67-oyat).

 Rasul o‘z asrida va keyingi asrlarda (uning izdoshlari) barcha insonlarga dinni yetkazadi, bu toki boshqa rasul yangi shariat olib kelgunicha davom etadi. Nabiyning dinga da’vati faqat o‘z qavmiga bo‘ladi, xolos.

Omonat – man qilingan amallardan zohirni ham, botinni ham saqlashdir. Nabiy va rasullar payg‘ambarlikdan avval ham, payg‘ambarlik davrida ham katta va kichik gunohlardan pokdirlar. Buni boshqacha qilib “ismat” ham deyiladi.

Fatonat – doimiy hushyorlik, ziyraklik va hujjat, dalillarni keltirish. Bu esi pastlikning ziddidir. YA’ni, payg‘ambarlar Allohning shariatini yetkazishda vazifalariga o‘ta hushyorlik va ziyraklik bilan yondashganlar. Ularda g‘aflatda qolish va tushunmay qolish kabi nuqson sifatlar bo‘lmaganiga imon keltiramiz. Alloh taolo marhamat qiladi:

وَتِلْكَ حُجَّتُنَا آَتَيْنَاهَا إِبْرَاهِيمَ عَلَى قَوْمِهِ...  

ya’ni: “Ibrohimga qavmi ustidan bergan hujjatimiz ana shudir...” (An’om surasi 83-oyat).

Boshqa oyati karimada esa shunday deyiladi:

ادْعُ إِلَى سَبِيلِ رَبِّكَ بِالْحِكْمَةِ وَالْمَوْعِظَةِ الْحَسَنَةِ وَجَادِلْهُمْ بِالَّتِي هِيَ أَحْسَنُ...

ya’ni: “(Ey, Muhammad!) Rabbingizning yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat eting! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!...” (Nahl surasi 125-oyat).

Alloh taolo tavfiq bersin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar