Ishlarim hech yurishmayapti. O‘ylagan orzularimga yetishish uchun menga go‘zal duo yoki amal bo‘lsa o‘rgating.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Allohga taqvo qiling. Chunki oyatda kim Allohga taqvo qilsa, o‘ylamagan joyidan rizqlantirishi, aytilgan: "...Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur" (Taloq surasi 2-oyat).
"Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur. Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) o‘zi unga kifoya qilar..." (Taloq surasi 3-oyat).
Bo‘yningizdagi barcha farzlarni o‘z vaqtida bajaring. Sunnatlarga haris bo‘ling. Nafl ibodatlar bilan Rabbimizga yaqinlashing. Ana undan keyin Alloh so‘ragan narsangizni beradi. Salaflar ishi yurishmaganlarga bulardan tashqari istig‘forni ham ko‘paytirishni buyurishgan.
Siz zikrni ko‘paytiring va istig‘forni aytishda bardavom bo‘ling.
Bundan tashqari siz ko‘zingizga yurishmayotgandek ko‘rinayotgan dunyo ishlarida o‘zingizdan ko‘ra abgorroq insonlarga qarang. Ana shunda sizning ishlaringiz yurishayotganligini ko‘rasiz va Rabbimizga shukr qilasiz. Zero mo‘min odam dunyo ishlarida o‘zidan pastroq holatdagi insonlarga qarashga buyurilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.