Qurbonlik hayvonlarini elektr yoki narkoz bilan hushsizlantirib, keyin so‘yish joizmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Hayvonni so‘yishdan oldin elektr toki bilan urib yiqitish yoki o‘q otib yiqitish yoki yog‘och, temir, bolta kabi narsalar bilan urib yiqitish hayvonga ozor berish hisoblanib, shariatimizda bunday usullardan foydalanish aslo mumkin emas. Bu ishlarni qilgan odamlar gunohkor bo‘ladilar. Qolaversa, mana shunday uslubda so‘yilgan hayvonlarning go‘shtida inson salomatligiga zarar qiladigan bir qancha moddalar paydo bo‘lishini soha mutaxassislari aniqlaganlar.
Ammo hayvonni so‘yishdan oldin narkoz kabi ba’zi bir kimyoviy moddalarni berib, xushidan ketkazib so‘yish joiz. Bu ishda hayvonga azob berish bo‘lmasligi lozim. Faqat hayvonni so‘yish paytida uning joni bo‘lishi va qon otilib chiqishi shartdir.
Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi va sallam bu borada shunday deganlar:
إنَّ اللَّهَ كَتَبَ الإحْسَانَ علَى كُلِّ شيءٍ، وإذَا ذَبَحْتُمْ فأحْسِنُوا الذَّبْحَ، وَلْيُحِدَّ أَحَدُكُمْ شَفْرَتَهُ، فَلْيُرِحْ ذَبِيحَتَهُ (رَوَاهُ الإمام مسلم شداد بن أوس رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
“Albatta, Alloh har bir narsaga yaxshilikni yozgandir. Agar so‘ysangiz, so‘yishni yaxshilab ado eting! Har biringiz pichog‘ini o‘tkir qilsin va so‘yiladiganni rohatlantirsin!” (Imom Muslim rivoyati).
Dinimiz so‘yiladigan hayvonni rohat qildirib so‘yishni talab qiladi. Hattoki, pichoqni hayvonning oldida qayrashga ruxsat berilmaydi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayvonni yotqizib qo‘yib pichog‘ini qayrayotgan odamga: “Buni yotqizishingizdan oldin qayrasangiz bo‘lmasmidi!” deganlar.
Shuningdek, bir hayvonning huzurida ikkinchisini so‘yishga ham ruxsat berilmagan.
Ba’zi boshqa din vakillari esa, hayvon so‘yishda asosiy e’tiborni faqat so‘yuvchiga osonlik yaratishga qaratib, jonliqni so‘yishda turli-tuman uslublarni qo‘llaydilar va hayvonni qiynalishiga e’tibor qaratmaydilar.
Aksariyat fiqhiy kitoblarimizda quyidagi jumlalarni uchratish mumkin:
كُرِهَ كُلُّ تَعْذِيبٍ بِلَا فَائِدَةٍ مِثْلُ قَطْعِ الرَّأْسِ وَالسَّلْخِ قَبْلَ أَنْ تَبْرُدَ
“Hayvonni so‘yish jarayonidagi foydasiz har qanday qiynash-azob berish makruhdir. Masalan, joni chiqib bo‘lishidan oldin boshini tanasidan judo qilish va terisini shilish kabilar” (“Raddul muhtor” kitobi).
Shunday ekan, hayvon so‘yish jarayonida unga jiddiy azob beradigan har qanday narsadan dinimiz qaytaradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.