ALLOHGA BERGAN VA'DANI BUZISH

ID: 2428

06.09.2025

257

Savol:

Assalomu alaykum ustozlar. Men Allohga "shu gunoh ishnimni kechirgin, boshqa men bu ishni boshqa qilmayman" deb vaʼda bergan edim, lekin men nafsimga yengilib, bergan vaʼdamni buzib qoʻymoqdaman. Shu holatda qanday yoʻl tutsam boʻladi? Javoblaringiz uchun oldindan rahmat.

Javob:

Albatta, Allohga tavba qilib, so‘ngra yana o‘sha gunohga qaytish mo‘min uchun og‘ir holatdir. Lekin shaytonning eng katta maqsadlaridan biri – insonni Allohning rahmatidan umidsizlantirishdir. Siz gunohga qayta-qayta qo‘l urayotgan bo‘lsangiz, tavba qilishdan aslo to‘xtamang. Zero, Alloh taolo tavba qiluvchilarni yaxshi ko‘radi va Uning mag‘firati bandaning gunohidan ulkanroqdir.

Qur’oni Karimda shunday marhamat qilinadi: «Ey, o‘z jonlariga isrof (javr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahimli Zotdir» (Zumar surasi, 53-oyat).

Bu oyat Allohning mag‘firati cheksiz ekaniga va banda hech qachon umidsizlikka tushmasligi kerakligiga eng katta dalildir. Bu holatda sizga lozim bo‘lgan narsa – chin dildan pushaymon bo‘lib, har safar gunoh sodir bo‘lganda yanada kuchliroq azmi-qaror bilan tavba qilishdir. Tavbangiz chin bo‘lsa, Alloh uni albatta qabul qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: "Banda gunohga qo‘l urib qo‘yib: “Yo Rabbim! Gunoh qilib qo‘ydim, meni kechirgin, mag‘firat etgin”, desa, unga Rabbi: “Bandam Men gunohlarni kechiruvchi Rabb ekanimni bildi”, deydi-da, uning gunohlaridan o‘tadi. Bir oz muddatdan keyin banda boshqa bir gunoh sodir etib qo‘yadi va yana Rabbiga tav­ba qiladi. Rabbi uning gunohini kechiradi. Bir muddat o‘tgach, u banda tag‘in bir gunohga qo‘l urib qo‘yadi va yana tavba sari yuzlanib: “Yo Rab­bim! Gunoh qilib qo‘ydim, meni kechirgin, mag‘firat qilgin”, deydi. Unga Rabbi: “Bandam Men gunohlarni kechiruvchi Rabb ekanimni angladi” deb, uning gunohlaridan o‘tadi” va yana: “Nima qilsa qilsin, Men bandamning gunohlarini kechirdim”, deydi" (Imom Muslim rivoyati).

Bu hadis gunoh qilishga targ‘ib emas, balki banda har qancha gunohga botmasin, Allohning rahmatidan umidini uzmay, tavbada bardavom bo‘lishiga da’vatdir. Shunday ekan, nafsingiz bilan kurashishdan va tavba qilishdan aslo to‘xtamang, solih amallarni ko‘paytiring va Allohdan doimo yordam so‘rang.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar