Qabristonga borganda tik turib Qur’on o‘qish va duo qilish kerakmi. O‘tirib qiroat qilsa, makruh bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Fiqhiy manbalarimizda qabrlarni ziyorat qilganda turib duo qilish sunnatligi, lekin o‘tirib duo qilish ham joizligi aytilgan. Qur’on tilovatida esa o‘tirish afzal ekanligi bayon qilingan.
Jumladan, “Raddul muhtor” kitobining “Qabrlarni ziyorat qilish” bobida shunday keladi:
قال في الفتح: والسنة زيارتها قائما، والدعاء عندها قائما، كما كان يفعله - صلى الله عليه وسلم - في الخروج إلى البقيع ثم يدعو قائما طويلا، وإن جلس يجلس بعيدا أو قريبا بحسب مرتبته في حال حياته
Raddul muhtor kitobida aytiladi: ""Fathul Qadir" kitobida: "Qabrlarni tik turib ziyorat qilish va qabr yonida tik turib duo qilish sunnatdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom Baqi’ qabristonini ziyorat qilganda shunday qilganlar", deyilgan".
"Keyin tik turib uzoq duo qiladi, agar o‘tirsa, mayyit tirikligida qanday masofada o‘tirgan bo‘lsa, o‘shancha masofada o‘tiradi".
Yana shunday deyiladi:
( قَوْلُهُ : وَلَا إجْلَاسُ الْقَارِئِينَ عِنْدَ الْقَبْرِ ) عِبَارَةُ نُورِ الْإِيضَاحِ وَشَرْحِهِ وَلَا يُكْرَهُ الْجُلُوسُ لِلْقِرَاءَةِ عَلَى الْقَبْرِ فِي الْمُخْتَارِ لِتَأْدِيَةِ الْقِرَاءَةِ عَلَى الْوَجْهِ الْمَطْلُوبِ بِالسَّكِينَةِ وَالتَّدَبُّرِ وَالِاتِّعَاظِ
“Qabr yonida qorilarni o‘tirg‘izib, Qur’on qiroat qildirish makruh emas. "Nurul izoh" kitobining iborasida: “Muxtor qavlga ko‘ra qiroat odoblariga muvofiq xotirjamlik va tadabbur bilan, ibrat olgan holda tilovat qilish uchun qabr yonida o‘tirish makruh emas”, deyilgan”. (“Raddul muhtor” kitobi, “Qabrlarni ziyorat qilish” bobi).
Bu borada “Nurul izoh” kitobida shunday deyiladi:
ولا يكره الجلوس للقراءة على القبر في المختار وكره القعود على القبور لغير قراءة
ya’ni: “Muxtor qavlga ko‘ra qiroat qilish maqsadida qabr yonida o‘tirish makruh emas. Qabr tepasida qiroatdan boshqa sabab uchun o‘tirish makruhdir”.
Shuningdek, “Fatovoi hindiyya” kitobida shunday deyiladi:
وَيُسْتَحَبُّ إذَا دُفِنَ الْمَيِّتُ أَنْ يَجْلِسُوا سَاعَةً عِنْدَ الْقَبْرِ بَعْدَ الْفَرَاغِ بِقَدْرِ مَا يُنْحَرُ جَزُورٌ وَيُقَسَّمُ لَحْمُهَا يَتْلُونَ الْقُرْآنَ وَيَدْعُونَ لِلْمَيِّتِ كَذَا فِي الْجَوْهَرَةِ النَّيِّرَةِ
ya’ni: “Mayyit dafn etilgach, bir hayvonni so‘yib, go‘shtini taqsimlab bo‘lguncha miqdorda qabr oldida o‘tirib, tilovat qilish va mayyitga duo qilish mustahabdir”, – deyilgan.
Demak, qabriston ziyorati tik turib qilingani afzal, lekin ziyorat paytida o‘tirish ham joiz, makruh emas.
Diqqat qilsak, faqihlarimizning so‘zlaridan qabristonga borganda Qur’onni o‘tirib o‘qish afzalligi ma’lum bo‘ladi. Chunki o‘tirib qiroat qilinganda xotirjamlik, tafakkur, xushu’ va ibratlanish kabi Qur’on tilovatida talab qilingan odoblar yuzaga chiqadi.
Yana shuni ta’kidlash lozimki, yuqoridagi hukmlarda afzallik masalasi haqida gap ketadi, makruhlik yoki haromlik masalasi emas. Shunday ekan bu masalalarda talashib-tortishish va o‘zaro nizoga borish joiz emas. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.