O‘ZIMGA TEGISHLI DEB BILDIRMAY OLSAM BO‘LADIMI?

ID: 510

04.04.2025

38

Savol:

Men bir fermerni ipak qurtini boqib yetishtirib berdim. Evaziga asosiy beradigan ish xaqqimga qo‘shib bir pretsep bug‘doy somon berishi kerak edi. Shunga kelishgandik. Lekin oxirida somonni bermadi. Men va’da qilmaganman deb gapidan tondi. Savolim men shu va’da qilingan samonni pulini qiymaticha fermerni mahsulotidan o‘ziga bildirmay olsam bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Alloh taolo Qur’oni karimda musulmonlarni ahdlariga vafo qilishga buyuradi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَوْفُوا بِالْعُقُودِ

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz!” (Moida surasi, 1-oyat).

Dinimizda savolda zikr qilingani kabi janjalli holatlarda faqat bir tomonning gapi bilan g‘oib kishini zarariga hukm qilinmaydi. Chunki ikkinchi tomonning ham o‘ziga yarasha dalil hujjatlari bo‘lishi mumkin.

Lekin umumiy qoidaga binoan, bir kishining boshqada haqqi bo‘lsa va u tomon zulm qilib uning haqqini bermay turgan bo‘lsa, uning molidan o‘z haqqini olishi mumkin. Bu haqida Alloma Ibn Nujaym al-Misriy shunday deydilar:

رَبُّ الدَّيْنِ إذَا ظَفِرَ مِنْ جِنْسِ حَقِّهِ مِنْ مَالِ الْمَدْيُونِ عَلَى صِفَتِهِ فَلَهُ أَخْذُهُ بِغَيْرِ رِضَاهُ وَلَا يَأْخُذُ خِلَافَ جِنْسِهِ كَالدَّرَاهِمِ وَالدَّنَانِيرِ

“Haqdor kishi qarzdorning molidan o‘z haqqining jinsi va sifatida bo‘lgan molni qo‘lga kiritsa, uni qarzdorning roziligisiz olishi joiz. Lekin boshqa jinsdan bo‘lganini, masalan, tillani o‘rniga kumush, kumushni o‘rniga tilla olmaydi” (“Al-Bahr ar-roiq”).

Lekin o‘zganing haqqini ado qilmayotgan zolimning molidan haqqini olmoqchi bo‘lgan kishi nihoyatda diqqatli bo‘lishi lozim. O‘ziga tegishli bo‘lganidan ortig‘ini olmasin. Mazhabimizga ko‘ra, o‘zi haqli bo‘lgan narsaning jinsi va sifatidagi narsani olishi joiz, boshqa narsani olmaydi. Kim haddan oshib, o‘zi haqli bo‘lganidan ortig‘ini olsa, hadisi sharifda aytilgani kabi “do‘zax olovidan bir parcha”ni olgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar