Haj bir necha turga bo‘linishini eshitdim. Ularning qay biri afzal va biz hajga borsak hajning qaysi turini ado qilamiz?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Darhaqiqat, hajning uch turi bor. Qiron, tamattu’ va ifrod. Hanafiy mazhabimiz ulamolari nazdida hajning qiron turi afzal hisoblanadi. "Muxtasarul viqoya" kitobida:
القران أَفْضَلُ مُطْلَقاً... والتَّمَتُّعُ أَفْضَلُ مِنَ الإِفْرَادِ
ya’ni: "Qiron mutlaqo afzaldir. Tamattu’ ifroddan afzaldir" deyiladi. Chunki, ulamolarimiz nazdida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qiron hajini qilganlar. Shuningdek, qiron haji mashaqqatli bo‘lgani uchun unga ko‘proq savob beriladi. Lekin uni qilish uchun ko‘p kuch-quvvat, sabr-toqat va bilim kerak. Chunki qiron hajida hoji Madina miyqoti bo‘lmish Zul hulayfadan umra va hajni qo‘shib niyat qilib ehrom bog‘laydi. Makkaga kelib umra qiladi va haj kunlarigacha ehromda turadi. Bu degani birinchi borgan ba’zi hojilarimiz 17-15 kun ehromda turishlari kerak. Buni o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Buning ustiga tajriba shuni ko‘rsatadiki, ko‘pchilik ehromda yurganda turli kamchiliklarga yo‘l qo‘yadi va jarimaga tushadi. Hatto hajni buzadigan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi ehtimoli bor. Qiron haji qilgan kishi esa har bir jinoyat uchun ikki hissa jarima o‘taydi. Shuning uchun hojilarimizga Tamattu hajini qilish tavsiya qilinadi. Unda umrani qilgandan keyin toki haj kunlari boshlangunga qadar hojilar ehromsiz holatda qulayliklardan foydalanib turadilar. Bu ayniqsa, qariya va zaif kishilarga qulaylik tug‘diradi. Tamattu’ haji Qirondan keyin tursada, yuqoridagi iborada kelgandek ifrod hajidan afzalroq va savobliroq hisoblanadi. Chunki unda ham ikki ibodat bajariladi. Shuning uchun tamattu’ hajida ham shukrona uchun qon chiqarish vojib bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.