Namozdan keyin Oyatal Kursini o‘qib savobini marhumlarga bag‘ishlasa bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Namozdan keyin oyatal kursiyni o‘qib marhumlarga savobini bag‘ishlash joiz. Chunki Oyatal kursiy ham Qur’on karimning bir oyati hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
لِكُلِّ شَيْءٍ سَنَامٌ، وَإِنَّ سَنَامَ الْقُرْآنِ سُورَةُ الْبَقَرَةِ، وَفِيهَا آيَةٌ هِيَ سَيِّدَةُ آيِ الْقُرْآنِ، هِيَ آيَةُ الكُرسِيِّ (رواه الإمام الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Har bir narsaning o‘rkachi bor, albatta Qur’onning o‘rkachi Baqara surasidir. Baqara surasida bir oyat bor, u Qur’on oyatlarining eng ulug‘idir. U oyatal kursiydir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
U zot alayhissalom yana shunday deganlar:
مَنْ قَرَأَ حَرْفًا مِنْ كِتَابِ اللَّهِ فَلَهُ بِهِ حَسَنَةٌ، وَالْحَسَنَةُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا، لَا أَقُولُ : الم حَرْفٌ، وَلَكِنْ أَلِفٌ حَرْفٌ، وَلَامٌ حَرْفٌ، وَمِيمٌ حَرْفٌ (رواه الإمام الترمذي عن عبد الله بن مسعود رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim Allohning kitobidan bir harf o‘qisa, unga bitta yaxshilik, bir yaxshilik o‘n barobar mislichadir. Men alif lam mim bir harf demayman, balki alif bir harf, lam bir harf, mim bir harf deyman” (Imom Termiziy rivoyatlari). Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.