OY RAMZI QAY HOLATDA BO‘LISHI KERAK?

ID: 110

04.04.2025

115

Savol:

Masjid gumbazlari tepasiga o‘rnatiladigan hilol ya’ni yangi oyning ramzi qaysi tomonga qarab o‘rnatilishi kerak?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Islom ulamolari, masjid va minoralar ustiga o‘rnatiladigan hilol ramzining uchli qirralarini qibla tomonga qarab o‘rnatilishi maqsadga muvofiq, deganlar.

Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar davlatida joylashgan fatvo hay’atlarining javoblari quyidagicha bo‘lgan:  “Alloh taolo o‘z kalomida shunday marhamat qiladi:

“يَسْأَلُونَكَ عَنِ الأهِلـَّةِ قُلْ هِيَ مَوَاقِيتُ لِلنَّاسِ وَالْحَجِّ”

Ya’ni: “Sizdan (Ey, Muhammad), hilollar (yangi oylar) haqida so‘raydilar. "Ular odamlarga (yil hisobi) va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir", -deb ayting” (Baqara surasi, 189-oyat).

وما دامت هذه الأهِلـَّة هي مواقيت للناس فلتكن أهلة المآذن لتحديد القبلة للناس عملاً بالقاعدة جواز وقبول كل ما ينفع الناس ولا يخالف الشرع. (الفتوى رقم 1687 الصادرة عن الهيئة العامة للشؤون الإسلامية والأوقاف بدولة الإمارات العربية المتحدة)

YA’ni: “Modomiki, osmondagi hilol (yangi oylar) insonlar uchun vaqt o‘lchovi bo‘lib, xizmat qilar ekan, masjid mezanalariga o‘rnatilgan hilol ramzlari odamlarga qiblani belgilashlari uchun xizmat qilsin. Zero, shar’iy qoidaga ko‘ra, insonlarga manfaat keltiruchi va shariatga muxolif bo‘lmagan har bir ishni joiz ekanligi qabul qilingan” (BAA vaqf va islom ishlari bosh hay’ati №1687 raqamli fatvo).

Malayziya Xalqaro Islom Universitetining professor o‘qituvchisi Ammar Fazlning aytishicha: "Oy ramzi butun musulmon ummatiga Usmonli turklar tamonidan xv asrdan boshlab tarqatila boshlagach deyarli barcha masjid va madrasalar tepasida buni ko‘rish mumkin bo‘ldi. Oradan vaqt o‘tgach ulamolar majlisida islom diyorlari kengayib borayotgani va uzoq o‘lkalarda qiblani belgilash muammo bo‘layotgani aytila boshlandi. Shunda ulamolar masjid, madrasa va idoralar gumbazidagi oy ramzini aynan shu maqsadda qo‘llashga qaror qildilar. Ular oyning ya’ni Gumbaz tepasidagi hilolni uchli qirralarini qibla tamonga qaratib qo‘yish haqida kelishib oldilar. Toki, kelgan musofir shu ramzni ko‘rgach qibla qaysi tomonda ekanini honaqohga kirmasdan bilib olsin.

Muqaddas ka’ba joylashgan Masjidul Haramni tepasidagi hilol belgisini qirralarini yuqoriga qaratishga amr qildilarki, u Alloh taoloni har narsadan oliy ekanligini bildirsin”.  Demak, yuqoridagi ma’lumotlarga asosan masjid va minoralar ustiga o‘rnatiladigan hilol ramzining uchli qirralarini qibla tomonga qarab o‘rnatilishi maqsadga muvofiqdir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar