O‘TIRGAN HOLATDAGI UYQU TAHORATNI BUZADIMI?

ID: 376

04.04.2025

33

Savol:

1-2 daqiqalik o‘tirgan holatdagi uyqu tahoratni buzadimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

O‘tirib uxlashning bir necha xil ko‘rinishlari bor. Ba’zilarida tahorat sinadi, ba’zilarida sinmaydi.

Chordona qurib o‘tirib, yoki ayollarning o‘tirish (oyog‘ini bir tomondan chiqarib, ketini yerga qo‘yib o‘tirish) dek o‘tirib uxlaganda tahorat sinmaydi.

Bir kishi o‘tirib uxlab, egilib-egilib ketsa, gohida keti yerdan uzilsa, Shamsul aimma Halvoniy aytadilar: "Mazhabning zohiriga ko‘ra bu holat tahoratni sindirmaydi". Bir kishi o‘tirib uxlab, yuzi bilan yo yonboshi bilan yiqildi, yiqilishidan avval, yo yiqilayotganda, yo yiqilgandanoq o‘yg‘onsa, tahorati sinmaydi. Yiqilgandan keyin biroz uxlagan holda qolib, keyin o‘yg‘onsa, tahorati sinadi. Oldinga egilibroq, tovoniga ketini qo‘yib o‘tirib uxlasa, unga tahorat qilish shart emas.

Bir narsaga suyanib uxlayotgan odamni (farazan) suyangan narsasi olib tashlansa, yiqilib keti yerdan uzilsa, hech shubhasiz tahorati sinadi, keti yerdan uzilmasa, sahih so‘zga ko‘ra tahorati sinmaydi. Bu holatlarda uyqu g‘olib kelishi yoki o‘zi qasddan uxlashining farqi yo‘q ("Fatvoi hindiya" kitobi).

Demak, 1-2 daqiqalik o‘tirib uxlash, agar yiqilib uxlab qolmasa, tahoratni buzmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar