O‘TGANLARNI NOMIDAN QURBONLIK

ID: 481

04.04.2025

535

Savol:

O‘tganlarni nomidan qurbonlik qilinadimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Jumhur ulamolar – hanafiylar, molikiylar va hanbaliylarga ko‘ra vafot etib ketgan kishilar nomidan, garchi vasiyat qilishmagan bo‘lsa ham qurbonlik qilish joiz ekanini, qurbonlikning savobi ularga yetishini aytishgan.

Jumhur ulamolar o‘zlarining aytgan so‘zlariga hadisdan, qiyosdan bir qancha dalillarni keltiradilar. Jumladan:

عَنْ عَائِشَةَ رضي الله عنها أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أُتِيَ بِكبش لِيُضَحِّيَ بِهِ، فأَضْجَعَهُ، ثُمَّ ذَبَحَهُ، ثُمَّ قَالَ: "بِاسْمِ اللهِ، اللهُمَّ تَقَبَّلْ مِنْ مُحَمَّدٍ، وَآلِ مُحَمَّدٍ، وَمِنْ أُمَّةِ مُحَمَّدٍ، ثُمَّ ضَحَّى بِهِ" (رواه الامام مسلم)

Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga qurbonlik qilish uchun bir qo‘chqor olib kelindi. U zot uni yotqizib, so‘ydilar. U zot: “Bismillah, ey Alloh, Muhammaddan, Muhammadning oilasidan va Muhammadning ummatidan qabul qilgin”, deb qurbonlik qildilar” (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda Payg‘ambarimiz alayhissalom ikkita qo‘chqor so‘yib, birini o‘zlarining nomlaridan boshqasini esa, qurbonlik qila olmagan ummatlarining nomidan qurbonlik qilganlari zikr qilingan.

عَنْ أَبِي رَافِعٍ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم كَانَ إِذَا ضَحَّى إشْتَرَى كَبَشَيْنِ سَمِيْنَيْنِ أَقْرَنَيْنِ أَمْلَحَيْنِ، فَإِذَا صَلَّى وَخَطَبَ النَّاسَ أُتِىَ بِأَحَدِهِمَا وَهُوَ قَائِمٌ فِي مُصَلاَّهُ، فَذَبَحَهُ بِنَفْسِهِ بِالْمُدْيَةِ، ثُمَّ يَقُولُ: "اللَّهُمَّ هَذَا عَنْ أُمَّتِي جَمِيعًا، مِمَّنْ شَهِدَ لَكَ بِالتَّوْحِيدِ، وَشَهِدَ لِي بِالْبَلَاغِ..." (رَوَاهُ الإِمَامُ أَحْمَدُ)

Abu Rofe’ raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qurbonlik qilganlarida ikkita semiz, shoxdor, oq-qora rangli qo‘chqorni sotib olgan edilar. Namozni o‘qib, odamlarga xutba qilib, namozgohda turganlarida qo‘ylardan biri olib kelindi. SHunda u zot uni pichoq bilan so‘ydilar va “Ey Alloh, bu Sening yagonaliging va meni (Sen tarafingdan nozil bo‘lgan narsalarni) yetkazganimga guvohlik bergan barcha ummatim nomidan”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).

Demak, Rasuli akram alayhissalom barcha ummatlari nomidan qurbonlik qilganlari ochiq oydin zikr qilinmoqda. Ma’lumki, o‘sha paytda vafot etib ketgan bir qancha sahobalar ham bor edi. Ular ham ummatlari qatorida hisoblanishadi. Rasululloh ummatlari nomidan qurbonlik qilsalar, ularning nomidan ham qurbonlikni ado etgan bo‘ladilar. Demak, bundan vasiyat qilmagan bo‘lsa ham vafot etgan kishining nomidan qurbonlik qilish joizligi kelib chiqadi.

Shuningdek, ko‘plab hadisi shariflarda vafot etgan kishining nomidan haj qilish, sadaqa qilish joizligi aytilgan. Haj badaniy ibodat, sadaqa esa moliyaviy ibodat bo‘la turib, o‘tganlar nomidan ado etish joiz ekan – moliyaviy ibodat sanalmish qurbonlik ham batariqi avlo joiz bo‘lishi kerak (Alloma Alouddin Kosoniy, “Badoi’us sanoi’” kitobi).

Bir kishi vafot etgan kishining nomidan qurbonlik qilsa, xuddi o‘zi uchun qurbonlik qilgani kabi uning go‘shtidan o‘zi iste’mol qilishi va sadaqa qilishi mumkin. Bunda qurbonlikning savobi vafot etgan kishi uchun, go‘shti esa, so‘ygan kishi uchun bo‘ladi.

Agar vafot etgan kishi qurbonlik qilishni vasiyat qilgan bo‘lsa, uning vorislari butun bir yoki yettidan bir hissani qurbonlik qilishlari vojib bo‘ladi. Bunda qurbonlik go‘shtini barchasini faqir, miskinlarga sadaqa qilib yuborishlari lozim bo‘ladi (Alloma Ibn Obidin “Raddul muhtor” kitobi).

Xulosa qilib aytganda, nisobga yetarli mol-mulkka ega bo‘lgan kishi qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi. Shu bilan birga kishi qodir bo‘lsa, bir necha kishi nomidan ham qurbonlik qilishi mumkin bo‘ladi. Masalan: o‘tgan ota-onalari, ajdodlari va yoru birodarlari nomidan. Ba’zi ulamolar janobimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam nomlaridan qurbonlik qilishni ham yaxshi sanashgan. Chunki bunda U Zotga bo‘lgan muhabbatni ifoda etish bor (Zafar Ahmad Usmoniy, “E’lous sunan” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar