OTA-ONAGA YAXSHILIK

ID: 142

04.04.2025

120

Savol:

Ota-ona vafot etganidan keyin ham ularning haqiga yaxshiliklar qilib tursa bo‘ladimi? Nima amallar qilsam ularga buning savobi yetib borib turadi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Islom dinida ota-onaga yaxshilik qilish faqat ularning hayotlik vaqtlariga cheklanib qolmaydi. Balki farzand uchun ota-onaga ularning vafotlaridan keyin ham yaxshilik qilish imkoniyatlari mavjud. Shuningdek, bu yaxshiliklarning savobi ularning haqiga yetib borib turadi.

عَنْ أَبِي أُسَيْدٍ قَالَ: كُنَّا عِنْدَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ، هَلْ بَقِيَ مِنْ بِرِّ أَبَوَيَّ شَيْءٌ بَعْدَ مَوْتِهِمَا أَبَرُّهُمَا؟ قَالَ: نَعَمْ، خِصَالٌ أَرْبَعٌ: الدُّعَاءُ لَهُمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عَهْدِهِمَا، وَإِكْرَامُ صَدِيقِهِمَا، وَصِلَةُ الرَّحِمِ الَّتِي لَا رَحِمَ لَكَ إِلَّا مِنْ قِبَلِهِمَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ 

Abu Usayd  roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir odam: “Yo Rasulalloh! Men uchun ota onamga ular dunyodan o‘tganlaridan keyin qiladigan yaxshilik qoldimi?” – deb so‘radi. U zot: “Ha! To‘rt narsa qoldi: Ularga duo qilmog‘ing, ularga istig‘for aytmog‘ing, ikkovlaridan keyin ularning va’dalarini bajarmog‘ing va ikkovlari tomonidan senga qarindosh bo‘lganlarga silai rahm qilmog‘ing”, – dedilar»” Imom Buxoriy “Adab”da rivoyat qilgan.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ، أَنَّ رَجُلاً قَالَ‏:‏ يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أُمِّي تُوُفِّيَتْ وَلَمْ تُوصِ، أَفَيَنْفَعُهَا أَنْ أَتَصَدَّقَ عَنْهَا‏؟‏ قَالَ‏:‏ نَعَمْ‏.‏

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir odam: “Yo Rasululloh! Onam vafot etdi. Vasiyat qilmadi. Uning nomidan sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – dedi. U zot: “Ha”, – dedilar”. Imom Nasoiy rivoyati.

Demak, ushbu hadislarga ko‘ra farzand vafot etgan ota-onasining haqiga quyidagi yaxshiliklarni qilishi mumkin:

  1. Ota-onaning haqiga duo qilish;
  2. Alloh taolodan ularning gunohlarini kechirishini so‘rash;
  3. Ularning va’dalarini bajarish;
  4. Ota-onaning do‘stlari va qarindoshlarini hurmat qilish va ularni ziyorat qilib turish;
  5. Ularning nomidan xayru sadaqalar qilish.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar