Jiyanim o‘rangan lekin tor shim kalta kiyadi shunday yursa bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Kiyim kiyishning maqsadlaridan biri avratlarni to‘sishdir. Shuning uchun erkak yoki ayol bo‘lsin uning kiygan kiyimi avratlarini to‘sib turishi lozim. Avrati bilinib turadigan darajada tor va yupqa kiyimlarni kiyishdan shariatimiz qaytargan. Payg‘ambarimiz alayhissalomdan quyidagicha hadis sobit bo‘lgan:
صنفان من أهل النار لم أرهما بعد : رجال معهم سياط كأذناب البقر يضربون بها الناس ، ونساء كاسيات عاريات مائلات مميلات على رؤوسهن كأسنمة البخت المائلة ، لا يدخلن الجنة ولا يجد ريحها ، وإن ريحها ليوجد من مسيرة كذا وكذا (رواه أحمد ومسلم في الصحيح عن ابي هريرة رضي الله عنه).
ya’ni, “O‘zlari do‘zax ahlidan, lekin hanuz men ko‘rmagan ikki toifa mavjud. Qo‘llarida sigirning dumiga o‘xshash qamchilari bo‘lib, u bilan odamlarni uradigan kishilar. Yana biri kiyim kiygan yalang‘och, o‘zlari yo‘ldan ozgan va boshqalarni ham yo‘ldan ozdiruvchi ayollar. Boshlarida tuyaning munkaygan o‘rkachiga o‘xshashlik bor. Ular jannatga kirmaydilar va hidini hidlamaydilar. Holbuki, jannatning bo‘yi shuncha va shuncha (ya’ni, juda uzoq) masofadan kelib turadi" (Imom Ahmad va Imom Muslim rivoyatlari).
Agar ayol kishi tor shim yoki kiyim kiygan bo‘lsayu, ustidan avratlarini satr qilib turadigan keng kiyib olsa, bu joiz. Lekin tor kiyimlarni o‘zini kiyib yurishga ruxsat yo‘q. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.