Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. O‘quvchilar orasida tarbiyasi og‘irlari bor. Savolim shuki ularni tartibga chaqirish uchun ozgina ursam bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bola tarbiyasi juda katta savobli ish bo‘lishi bilan birgalikda o‘ta mas’uliyatli hamdir. Bu mavzu hassos masala hisoblanib, unga to‘g‘ri yondoshmaslik keyinchalik turli noqulayliklar keltirib chiqaradi.
Islom rahm-shafqat dinidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu borada eng buyuk namuna edilar. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ
“(Ey, Muhammad,) biz sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi, 107-oyat).
Bolalar barcha ishlarida doimiy g‘amxo‘rlikka muhtoj bo‘lganlari tufayli rahm-shafqat bilan muomala qilishga eng munosib qatlamdirlar. Hadis sharifda ham ularni izzat-ikrom qilmaslikdan qaytarilgan.
عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «لَيْسَ مِنَّا مَنْ لَمْ يَرْحَمْ صَغِيرَنَا وَيُعَظِّمْ كَبِيرَنَا» (رَوَاهُ الامام الْبَيْهَقِيُّ).
Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kichigimizni izzat qilmagan, kattamizni ulug‘lamagan kishi bizdan emas”, dedilar” (Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Ustoz va murabbiylar bolalarni urish bilan emas, balki ularning psixologiyasini o‘rganish va har tomonlama o‘rnak bo‘lish bilan tarbiyalab borishlari eng go‘zal va yagona yechim hisoblanadi.
Bugungi kunda zamonaviy tarbiya mutaxassislari ham bolaning kelajakdagi noto‘g‘ri yo‘llarga qadam qo‘yishi uning yomonlikdan xoli bo‘lgan sof tabiati sababli emas, balki bolalikda berilgan noto‘g‘ri tarbiya oqibatida kelib chiqishini ta’kidlashadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.