Open budjet uchun ovoz yig'ayotgan odamlarga pul evaziga ovozimni sotsam bo'ladimi?
“Tashabbusli bюdjet” (Open budget) – bu fuqarolarga o'z hududlaridagi muammolarni hal qilish uchun mahalliy bюdjet mablag'larining bir qismini qanday sarflashni hal qilishda ishtirok etish imkonini beruvchi davlat loyihasidir. Unga ko'ra, aholi o'zlari uchun eng zarur deb bilgan ehtiyojlar, masalan, muayyan yo'llarni ta'mirlash, maktablarni jihozlash, suv ta'minotini yaxshilash kabi takliflarni ovozga qo'yadilar va eng ko'p ovoz olgan takliflar davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
“Tashabbusli bюdjet” loyihasida insonlarning ovoz berishi guvohlik berishdir. Kishi o'z ovozi bilan: “Men guvohlik beramanki, jamiyatimiz uchun aynan mana shu taklif eng muhim, eng foydali va birinchi galda amalga oshirilishi kerak bo'lgan ishdir”, deyayotgan hisoblanadi.
Demak, agar kishi o'z ovozini jamiyatning haqiqiy ehtiyoji va umumiy manfaatidan kelib chiqib emas, balki shaxsiy moddiy manfaat evaziga, aslida u qadar muhim bo'lmagan yoki umuman u haqida xabari bo'lmagan taklif uchun bersa, uning bu iqrori haqiqatga zid bo'lgani uchun yolg'on guvohlik hisoblanadi. Yolg'on guvohlik esa dinimizdagi eng og'ir gunohlardan biridir. Alloh taolo Qur'oni Karimda aytadi:
فَاجْتَنِبُوا الرِّجْسَ مِنَ الْأَوْثَانِ وَاجْتَنِبُوا قَوْلَ الزُّورِ
“Bas, butlardan iborat najosatdan yiroq bo'ling va yolg'on so'zdan yiroq bo'ling” (Haj surasi, 30-oyat).
Mufassirlar ushbu oyatdagi “yolg'on so'z”ning eng katta ko'rinishi aynan “yolg'on guvohlik” ekanini ta'kidlashgan. Alloh taolo bu oyatda shirkdan saqlanishga buюrganidan so'ng darhol yolg'on so'zdan saqlanishga amr qilishi bu gunohning naqadar ulkan ekaniga dalolat qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z hadislarida yolg'on guvohlikning ulkan gunoh ekanini qayta-qayta ta'kidlaganlar.
عَن عَبْدِ الرَحمنِ بن أَبِي بَكْرَةَ عَنْ أَبِيه رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَال رَسولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلم: أَلا أُنَبِّئُكُمْ بأَكْبَرِ الكَبائِرِ قُلْنا: بَلَى يا رَسولَ اللَّهِ، قالَ: الإشْراكُ باللَّهِ، وعُقُوقُ الوالِدَيْنِ، وكانَ مُتَّكِئًا فَجَلَسَ فقالَ: ألا وقَوْلُ الزُّورِ، وشَهادَةُ الزُّورِ، ألا وقَوْلُ الزُّورِ، وشَهادَةُ الزُّورِ فَما زالَ يقولُها، حتَّى قُلتُ: لا يَسْكُتُ.
Abdurrahmon ibn Abu Bakra otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hoy! Sizlarga kabiralarning eng kattasini ma'lum qilaymi?” dedilar. “Ha, ey Allohning Rasuli!” dedik. “Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo'lish”, dedilar. U zot suyanib o'tirgan edilar, o'tirib oldilar-da, “Hoy, yolg'on so'z va yolg'on guvohlik berish ham!” dedilar. U zot buni aytaverdilar, hatto “Endi to'xtamasalar kerak”, deb qoldim” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
“Tashabbusli bюdjet”da o'z ovozini sotish – bu o'zining shaxsiy manfaatini jamiyatning katta ehtiyojidan ustun bilish va bu bilan xalqning umumiy haqqi poymol bo'lishiga rozi bo'lishdir. Islomda adolat – har bir narsani o'z o'rniga, har bir haqni o'z egasiga qo'yishdir. Kishi o'z ovozini pulga almashtirar ekan, u ahamiyati pastroq loyihaning muhimroq ehtiyoj o'rnini egallashiga sababchi bo'ladi. Bu esa adolatni buzish, ya'ni zulm qilishdir va dinimiz asoslariga butunlay ziddir.
Xulosa shuki, “Tashabbusli bюdjet”da pul evaziga ovoz berish – yolg'on guvohlik hukmidadir. Bu ishga qo'l urgan shaxs katta gunohkor bo'ladi. Bu gunoh evaziga olingan pul va boshqa mahsulotlar – yolg'on guvohlikning badali bo'lgani uchun haromdir. Undan foydalanish, eb-ichish joiz emas.
Shu o'rinda, biror loyihaning g'olib chiqishini istagan tashabbuskorlarga ham murojaat shuki, fuqarolarning ovozini pul yoki boshqa manfaatlar bilan sotib olishga urinish o'rniga, o'z takliflarining jamiyat uchun naqadar zarur va foydali ekanini ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va ochiq muloqotlar orqali keng jamoatchilikka tushuntirishlari, bu bilan odamlarning ongli ravishda ovoz berishiga erishishlari shar'an durust va to'g'ri yo'ldir.
Mo'min-musulmon kishi o'ziga berilgan har bir huquqni, jumladan, ovoz berish huquqini ham omonat deb bilib, undan halollik va adolat bilan foydalanishi lozim. Vallohu a'lam.