ONANIZM HAROMMI? RO‘ZAGA TA’SIRI BORMI?

ID: 834

04.04.2025

113

Savol:

Onanizm (qo‘l bilan shahvatni qondirish)ning hukmi haqida ma’lumot bersangiz. Undan keyin g‘usl qilish shartmi? Ro‘zaga ta’siri bormi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Siz aytayotgan narsa shar’iy istilohda “istimno” – ya’ni shahvatini o‘z qo‘li bilan qondirish deyiladi. U shariatimizda harom amal sanaladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:

وَالَّذِينَ هُمْ لِفُرُوجِهِمْ حَافِظُونَ إِلَّا عَلَى أَزْوَاجِهِمْ أوْ مَا مَلَكَتْ أَيْمَانُهُمْ فَإِنَّهُمْ غَيْرُ مَلُومِينَ فَمَنِ ابْتَغَى وَرَاءَ ذَلِكَ فَأُولَئِكَ هُمُ الْعَادُونَ

ya’ni: “Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar. Illo, o‘z jufti halollari va qo‘l ostidagilar (cho‘rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar. Bas, kimki shundan o‘zgani (harom qilingan narsalarni) istasa, bas, ana o‘shalar haddan oshuvchidirlar" (Mo‘minun surasi 5-7 oyatlar).

Qo‘l bilan shahvat qondirishning harom ekanligiga ushbu oyati karima dalildir. Ulamolar kishi ayoli yoki qo‘l ostidagi cho‘rilaridan tashqari har qanday yo‘l bilan shahvatini qondirishi – haromdir va qattiq gunohkorlikka sababchidir, deydilar. Ularning bu fikrlarini Payg‘ambarimizdan rivoyat qilingan: “Qo‘liga nikohlangan la’natlangandir” (Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan) degan hadis ham qo‘llab quvvatlaydi.

Mazhabimizda mashhur “Raddul muhtor” kitobida: “Bu ish (istimno) haromdir. Lekin zinoga ketishi aniq bo‘lsa, shahvatini so‘ndirish  uchungina qilsa, Qiyomatda unga azob bo‘lmasligi umid qilinadi", deyiladi (Ro‘za bobi). Alloma Ibn Obidiyn xuddi shu gapni faqih Abu Lays Samarqandiydan ham naql qilganlar va bu gapning asosi Islomning umumiy: “Noiloj qolganda harom narsaning iste’moli joiz”, “Ikki nojoiz ishga ro‘baro‘ bo‘lganda yengilrog‘ini tanlash” kabi qoidalaridan olinganini aytganlar.

Fiqh kitoblarida uylanishning bir necha darajalarini sanab o‘tilgan. Shulardan kishi agar zino qilib qo‘yish darajasiga borsa, uning uylanishi vojib ekanligi aytiladi. Uylanishga imkoni bo‘lmaganlarni Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam ro‘za tutishga buyuradilar.

Qolaversa, Alloh taolo O‘zining kalomida:  “Nikoh (imkon)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilgunicha, iffatlarini saqlasinlar”, - deya marhamat qiladi (Nur surasi, 33-oyat).

Bu tadbirlarning barchasidan ko‘zlangan maqsad insonni istimno kabi sof insoniy tabiatga zid bo‘lgan jirkanch ishdan tiyilishga undashdir. Qo‘l bilan shahvatni qondirish orqali maniy tushadigan bo‘lsa, g‘usl vojib bo‘ladi va ro‘za buziladi. Bu ishni qilgan odam Ramazondan keyin bir kun qazo ro‘za tutib beradi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar