Assalomu aleykum, ustozlar. Mening yoshim 28 da. Bir farzandim bor. Oilamiz o‘rtacha men diniy ilm o‘rganishni xoxlayman ammo oilamni ham boqishim kerak. Nima qilsam to‘g‘ri hisoblanadi? adashgan birodarlarimga dinni dalillar bilan isbotlab o‘rgatishni istayman ammo ilmim oz. Nima maslaxat berasizlar? Ilm olib, dinga xizmat qilish eng katta orzularimdan biri...
Sizdagi diniy ilmga bo‘lgan ishtiyoq tahsinga sazovordir. Bu borada Ibn Atoulloh rohimahullohning "Hikamul atoiyya" asaridagi bitgan hikmati sizning holatingizga aniq tavsif beradi. Unda quyidagicha yozilgan:
"Alloh taolo seni sabablari ichida turg‘izganda tajridni iroda qilishing maxfiy shahvatdandir. Alloh taolo seni tajridda turg‘izib qo‘yganda sabablarni iroda qilishing oliy himmatdan qulashdir."
Buning ma’nosi shuki, Alloh taolo sizni oilani boqish mas’uliyati bilan "sabablar ichida" turg‘izibdi. Bu siz uchun ayni paytdagi eng asosiy vazifa va ibodatdir. Shariat zimmangizga yuklagan oila nafaqasi uchun qilayotgan har bir halol harakatingiz ulkan ajrga ega. Shu sababli, bu mas’uliyatni tashlab, butunlay ilmga berilishni xohlash, go‘yoki ibodatga o‘xshasa-da, aslida vojibdan qochishga undaydigan yashirin nafs istagi bo‘lishi mumkin.
Ammo bu orzuingizdan voz kechishingiz kerak degani emas. To‘g‘ri yo‘l – ikkisini birga olib borishdir. Avvalo, niyatingizni to‘g‘rilang: "Oilamni boqish ham ibodat", deb mehnat qiling. Shu bilan birga, ilm olish uchun har kuni ma’lum bir vaqtni, masalan, bomdod namozidan so‘ng yoki ishdan keyingi bir soatni ajrating. Ilmni eng zarurlaridan, ya’ni har bir musulmon bilishi shart bo‘lgan aqida, fiqh va islomiy axloqni o‘rganishdan boshlang. Ishonchli ustoz topib, oz-ozdan bo‘lsa-da, davomiy ravishda ilm o‘rganing. Agar niyatingiz xolis bo‘lib, mas’uliyatlaringizni ado etishda sabr qilsangiz, Alloh taoloning O‘zi ilm yo‘llarini oson qilib, vaqtingizga va rizqingizga baraka beradi.