Vafot etgan kishilarni yoqish mumkinmi? Bunga Islomda munosabat qanday?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Islom qonun qoidalariga ko‘ra o‘liklar yerga dafn qilinishi kerak. Ularni yoqish yoki yer yuzasiga tashlab qo‘yish mumkin emas.
Musulmon kishini dafn qilish ulamolarning ittifoqiga ko‘ra farzi kifoyadir. Uning shart ekaniga dalil, Odam alayhissalomdan toki hozirgacha odamlar o‘liklarini yerga dafn qilayotganlari va kim shu ishni qilmasa, uni ayblashlaridir. Birinchi dafn qilgan kishi Qobil, u o‘z ukasi Hobilni dafn qilgan.
Qur’oni karimda Odam alayhissalomning ikki o‘g‘li haqida hikoya qilinadi. Ular Alloh taologa qurbonlik qilishganda Hobildan qabul bo‘ldi, Qobildan qabul bo‘lmadi. Shunda Qobil Hobilning joniga qasd qildi. Alloh taolo shunday deydi: “Uning (havoyi) nafsi birodarini o‘ldirishni xush ko‘rsatdi va darhol, uni o‘ldirdi. Shu bilan u ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qoldi. SHundan so‘ng, Alloh unga birodari murdasini qanday ko‘mishni ko‘rsatish uchun yerni kavlovchi bir qarg‘ani yubordi. «Holimga voy! Nahot shu qarg‘achalik bo‘lishdan ojiz bo‘lsam? (Men ham) birodarim jasadini (tuproqqa) ko‘ma qolay», – dedi. Shunday qilib (u) pushaymon qiluvchilardan bo‘lib qoldi” (Moida surasi 30-31-oyatlar).
Mana shu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, inson jasadi yerga ko‘milishi qadimdan qolgan ilohiy hukmdir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘liklarni dafn qilish haqida shunday deganlar: “Lahad biz uchun, shaq (yerni tikkasiga yorib ko‘mish) boshqalar uchun” (Imom Abu Dovud Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).
Alloh taolo Odam bolalarini hurmatli qilib qo‘ygan. Qur’oni karimda shunday deyiladi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi 70-oyat).
Dinimizda mayyitning tanasini yoqish joiz emas. Chunki uning hurmati ham tirikning hurmati kabidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Mayyitning suyagini sindirish, uni tirikligida sindirish kabidir” (Imom Ibn Moja va Imom Abu Dovud rivoyat qilishgan).
Modomiki, o‘likning suyaklarini sindirish tirikning suyaklarini sindirish kabi ekan, o‘likni yoqish ham tirikni yoqish kabidir. Payg‘ambarimizning bu o‘xshatishlari bu ishdan qaytarish va uning yomonligiga kifoya qiladi.
Buning ustiga dinimiz musulmon bo‘lmagan kishining jasadi topilganda ham, odamiylik jihatidan, uni dafn qilishni buyuradi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qabr ustiga o‘tirishdan ham qaytarganlar. Islomda mayyitni yoqish emas, aksincha tayin joyga dafn qilib, oxiratni eslash uchun, uni ziyorat qilib turishga buyurilganmiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.