Assalomu alaykum! Bir yoshli bir nafar farzandim bor. Bundan 3 oy oldin ayolimga bir taloq berishga majbur bo'ldim. Sababi shuki, har bir oilada bo'lgani kabi tortishmovchilik, kelishmovchilik bo'lib qoldi va men ovozimni balandlatib baqirib, jahl qildim. Lekin uni do'pposlab, so'kib, haqorat qilmadim. Shu baqir-chaqir ichida u "102" ga qo'ng'iroq qilib, profilaktika inspektori va mahalla fuqarolar yig'ini raisini chaqirib, yarim tunda baqir-chaqir qilib janjal kattalashdi. U meni ularning oldida haqorat qilib, shu turmushimiz davomida bo'lgan gap-so'z va hodisalarni (yolg'on va haqiqatlarni) butun el-юrt oldida ovoza qilib, meni va oilamizni sharmanda qilishga urindi. Va shuningdek, profilaktika inspektori oldida menga qarab: "Sening gaplaringni telefonimning diktofoniga yozib юruvdim, seni javobgarlikka tortiraman", dedi va jahlim chiqib, "bir taloq" deyishga majbur bo'ldim. Va shu vaqtning o'zida uni tog'alari mendan so'ramasdan ham uyiga olib ketishdi. Bir necha kundan keyin mening ustimdan ichki ishlarga ikki varaq shikoyat ariza qildi. Bu holat bir necha bor oldin ham sodir bo'lgan (begonalar ishtirokisiz, ya'ni mahalla profilaktika inspektorisiz) bo'lsa-da, unga ko'p bora tanbehlar va nasihatlar qilib, oilani saqlab qolishga harakat qildim (nasihat qilish, gapirmay qo'yish, joyni boshqa qilish va hatto...). Lekin ketgandan keyin biror marotaba ham gaplashganimiz yo'q yoki biror marotaba pushaymon ekanligini ham aytmadi. Sudga alimentga beribdi (katta miqdordagi aliment sababmikan oilalarning ajrashishiga?). Belgilangan miqdorda to'lamoqdaman. Mana, 3 oy o'tdi. Ayolimni qattiq yaxshi ko'rishimga qaramasdan, unga nisbatan ko'nglimda dushmanlik hissi va katta alam paydo bo'ldi. Shuning uchun yashash imkoni yo'q deb hisoblamoqdaman. Ha, balkim men ham oppoq emasdirman. Sizdan iltimos, shar'iy hukm qilib berishingizni so'rayman. Sizdan "yashash yoki ajrashishga hukm qilib bering" degan umidda yozayotganim yo'q, balki dinimiz bunday hollarda qanday yo'l ko'rsatdi? Bu mening kelajak qarorlarim uchun muhimdir.
Vaalaykum assalom va rahmatullohi va barakatuh! Avvalo shuni bilish kerakki, oiladagi ko'plab muammolar er va xotinning bir-birlaridagi haq-huquqlarini yaxshi bilmasligidan kelib chiqadi. Alloh taolo Qur'oni karimda ayollarning erlari oldida majburiyatlari bo'lganidek, haqlari ham borligini bayon qilgan.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida «Mo'min (er) mo'mina (xotin)dan nafrat etmasin. Uning bir xulqini yoqtirmasa, boshqa xulqidan rozi bo'lar», deb marhamat qilganlar. Inson xatodan xoli emas, shuning uchun oilada kechirimli bo'lish, g'azab kelganda uni bosish va mayda kamchiliklarni qidiravermaslik oilaviy osudalik omilidir. Sizdagi nafrat va alam tabiiy hol bo'lsa-da, dinimiz mo'min kishini kechirimlilik va sabr bilan kengfe'l bo'lishga chaqiradi.
Sizning vaziyatingizda ayolingizning sizdan iznsiz uydan chiqib ketishi va shuncha vaqt mobaynida qaytmasligi shariatda "nushuz", ya'ni itoatsizlik deb baholanadi. Agar u zulm yoki jiddiy zarardan qochib ketmagan bo'lsa, bunday holatda ayol gunohkor bo'ladi va bu itoatsizligi davomida eridan o'zi uchun nafaqa olish huquqini yo'qotadi.
Uzoq vaqt alohida yashash shaytonga oilani buzish uchun yo'l ochadi. Ayolingizning oila sirini ko'chaga olib chiqishi, ota-onasining aralashuvi va sizni odamlar oldida xijolat qilishi, albatta, oqlab bo'lmaydigan xatodir. Ammo ikki tomonning ham qaysarlik qilib, o'z fikrida turib olishi muammoni echmaydi, aksincha, chuqurlashtiradi.
Shunday bo'lsa-da, dinimiz ko'rsatmasiga ko'ra, oqil erkak va kelajakni o'ylaydigan oila boshlig'i sifatida, sizga yarashish uchun yana bir bor tashabbus ko'rsatishingiz tavsiya etiladi. Siz ayolingiz bilan bog'lanib, Allohni eslatib, oila va farzand haqini tushuntirishga harakat qiling. Agar bu foyda bermasa, ikki tomonning solih, aqlli qarindoshlarini o'rtaga qo'yib, yarashtirishga urinib ko'ring. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «...Kim Alloh uchun tavoze qilsa, Alloh uni (darajasini) ko'taradi», deganlar. Yarashishga intilish sizning ojizligingiz emas, balki oliyjanobligingizdir.
Xulosa qilib aytganda, "yashash imkoni yo'q" degan qarorga kelishdan oldin, oxirgi marotaba bo'lsa ham yarashishga urinib ko'ring. Agar ayolingiz shunda ham qaysarlik qilib, xatosini tushunmasa va itoatga qaytmasa, unda ajrashish yoki boshqa qaror qabul qilishda siz ma'zur hisoblanasiz, gunoh yo'q. Ammo hozircha, nafs va g'azabni engib, oilani saqlab qolish uchun Allohdan ajr umid qilgan holda harakat qilishingiz maqsadga muvofiqdir. Vallohu a'lam.