Assalomu alaykum, ahli iymon! Mening ismim G'ayrat. Shu yozda ikkita farzandi bor ayolga uylangan edim. Uni shar'iy va qonuniy nikohimga oldim, inshaalloh. Mening hozirgi vaziyatimda chet elga, aynan Qozog'istonga ko'chib ketish masalasi bor. Bolalarning otasidan ruxsat oldim va ushbu notarial ruxsat bilan bizda besh yilgacha amal qiladigan huquq bo'ladi. Faqat besh yildan so'ng yana O'zbekistonga qaytib, ruxsat so'rash kerak bo'ladi. Ushbu qiyinchiliklarning oldini olish uchun bolalarning otasini qonuniy otalikdan mahrum qilib, ularni o'z qaramog'imga olmoqchi edim. Shunda bolalarning familiyasini o'zgartirmasdan, oldingi ism-sharifida qolish imkoni yo'q ekan. Islomda ham farzandlarning asl nasabini o'zgartirmaslik kerakligi haqida ko'p ta'kidlangan dalillarni o'qidim. Hozirgi holatda nima qilishimiz kerakligiga boshim qotdi. Farzandlarning kelajagi uchun shar'an to'g'ri yo'lni aytib юborsangizlar. Rahmat.
Vaalaykum assalom. O'zga shaxsni otalik maqomidan mahrum qilib, bolalar nasabini o'zgartirish va ularni o'z nomingizga o'tkazish joiz emas. Garchi mashaqqatli bo'lsa-da, aytganingizdek, har besh yilda ruxsat olish yo'lini tanlab, shariat ahkomlariga amal qilishingiz lozim. Alloh taolo ushbu harakatingiz va qiyinchiliklaringiz evaziga ajringizni ko'paytirib beradi, inshaalloh. Vallohu a'lam.