Assalomu alaykum. Xotinim "ajrashaman" deb bezor qildi, farzandim bor. Mening ajrashish niyatim yo'q. Agar ish sudga berilsa, uni mendan taloqni sotib olishi yoki bolaning menda qolishini talab qilsam bo'ladimi? Nima maslahat berasiz? Oldindan rahmat.
Vaalaykum assalom. Agar ayol uzrsiz ajrashishni talab qilsa va oilani saqlab qolishning imkoni qolmasa, erkak taloq berish evaziga ayoldan ma'lum miqdorda mablag' so'rashi joiz. Bu shariatda «xulu» deyiladi. Alloh taolo bu haqda: «...Bas, agar ikkovlarining Allohning chegaralarida tura olmasligidan qo'rqsangiz, xotin bergan evazda ikkovlariga gunoh yo'qdir....» (Baqara surasi, 229-oyat), deb marhamat qilgan. Biroq, taloq berish sharti sifatida yosh bolani onasidan tortib olishni talab qilish yoki onani boladan voz kechishga majburlash shar'an mumkin emas.
Sababi, yosh bolaning parvarishiga shariat bo'yicha ona haqliroqdir. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Ey Allohning Rasuli, mana bu o'g'lim uchun qornim joy bo'lgan edi, ko'kragim suvidish edi, quchog'im muhofazachi bo'lgan edi. Endi esa otasi meni taloq qilib, uni mendan tortib olmoqchi», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Modomiki boshqaga turmushga chiqmas ekansan, sen unga (bolaga) haqliroqsan», dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Shunday ekan, bolani tortib olish haqida o'ylamang, balki avvalo oilani isloh qilishga urining yoki go'zal tarzda ajrashing. Vallohu a'lam.