Turmush qurganimizga 20 yil bo‘ldi. Nikohimizga xo‘jayinimni ota-onalari guvoh bo‘lishgan, men tomondan hech kim bo‘lmagan. Shu nikoh bilan yashab kelayapmiz. Mahr berilmagan va so‘ralmagan ham. Qanday maslahat berasiz. Biz nima qilsak bo‘ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Nikohda guvohlar ikki erkak, hanafiy mazhabida ikki erkak bo‘lmasa, bir erkak, ikki ayol kishi bo‘lsa ham bo‘laveradi. Faqat ayol kishilarning yolg‘iz o‘zlarining guvohligi kifoya qilmaydi. Agar vakil qiluvchi (ya’ni, nikohlanuvchilardan biri, masalan kelin)ning o‘zi hozir bo‘lsa, vakil qilingan kishi( ko‘pincha kelinning yaqin qarindoshi) guvoh bo‘la oladi. Shuningdek, balog‘atga yetgan, boshqa odam unga valiy qilingan qiz (kelin nikoh paytida) hozir bo‘lsa, uning valiysi guvoh bo‘la oladi. (“Kifoya” kitobidan).
Demak, savolda bayon qilingan holatda ham kuyovning otasi va nikoh o‘qigan kishi ikkisi guvoh hisoblanadi va bu nikoh sahih bo‘ladi.
Mahr masalasiga kelsak, Agar nikoh paytida umuman mahr belgilanmagan bo‘lsa, er mahri misl beradi. Ya’ni, nikoh bitimi tuzilgan paytda, kelinga ota tomonidan har jihatdan (yoshi, husni va hokazo) teng bo‘lgan ayol qarindoshlari qancha mahr olgan bo‘lsa, o‘shani beradi. Bu haqida “Al-Bahrur roiq” kitobida shunday deyiladi:
( وَإِنْ لَمْ يُسَمِّهِ أَوْ نَفَاهُ فَلَهَا مَهْرُ مِثْلِهَا ) أَيْ وَإِنْ لَمْ يُسَمِّ الْمَهْرَ فِي الْعَقْدِ أَوْ نَفَاهُ فَلَهَا مَهْرُ مِثْلِهَا إنْ وَطِئَ أَوْ مَاتَ عَنْهَا ، وَكَذَا إذَا مَاتَتْ هِي
ya’ni: “(Er mahrni miqdorini aytmasa yoki mahr yo‘q, desa, ayolga o‘ziga o‘xshashlarning mahri beriladi) ya’ni, nikoh paytida er mahrning miqdorini aytmasa, yoki mahrni yo‘qqa chiqarsa ham, ayolga mahri misl beriladi. Mahri mislga haqli bo‘lish jinsiy aloqa (yoki jinsiy aloqaga imkon bo‘lishi), yo erning vafot etishi yoki ayol vafot etishi bilan bo‘ladi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.