ISH VAQTIDA SHAXSIY ISHLAR BILAN SHUG‘ULLANSA BO‘LADIMI?

ID: 316

04.04.2025

53

Savol:

Ishxonada ish vaqtida shaxsiy ishlar bilan shug‘ullansa (qo‘shimcha til o‘rganishga borayotganligi munosabati bilan dars qilish, to‘garak masalasini, uydagi muammolarni gaplashish, telefon o‘ynab o‘tirish va shunga o‘xshagan) bo‘ladimi. Ish turib boshqa ishlar bilan shug‘ullanish yaxshimi? Vaholanki biz ishimiz uchun haq olamiz. Shunga shariatimizdagi ko‘rsatmalar asosida aniq misollar bilan javob bersangiz.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Shariatimiz qoidalariga ko‘ra yollab ishlatish ham ijaraning bir turi hisoblanadi. Ijara kelishuvida esa qilinadigan ish va uning haqqi aniq bo‘lishi shart.

Hozirgi kundagi mehnat shartnomasi asosida mehnat qilayotgan ishchilar va ish beruvchilar o‘rtasida ham ikki xil, ya’ni ma’lum ishni bajarishga yoki ma’lum vaqt mobaynida ishlab berishga kelishiladi va shunga ko‘ra haq to‘lanadi. Buni oddiy qilib "ishbay" va "vaqtbay" ham deyish mumkin.

Ishbay mehnat qilishga kelishgan ishchi o‘ziga berilgan ishni bajarib bo‘lgach haqqini olib boshqa ish qilishi mumkin. Vaqtbay mehnat qilishga kelishgan ishchi esa, o‘zaro kelishuvda belgilangan vaqt mobaynida ish beruvchini ruxsatisiz o‘z shaxsiy ishlari yoki ish beruvchi tomonga bog‘liq bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanishi shar’an joiz emas. O‘z o‘rnida shuni ham aytib o‘tish kerakki, ish beruvchi kelishilgan vaqt davomida ish topib bera olmasa yoki ishchiga bog‘liq bo‘lmagan sabab bilan shu vaqt mobaynida ishlashga sharoit bo‘lmasa ham ish beruvchi ishchiga haqqini to‘lab berishi kerak.

Ammo aksariyat ishxonalarda urf bo‘lgan odatlar bo‘lib, ba’zi juz’iy ruxsatlar bo‘ladi (1-2 daqiqa telefonda gaplashish, oilasi holidan xabar olish ma’nosida ular bilan bog‘lanish, tahorat qilish, namoz o‘qish, ba’zi ishlarni xodimlar bilan maslahatlashish maqsadida boshqa bo‘limlarga chiqib kelish va h.k). Bu holatlarda ish beruvchi tomonidan berilgan umumiy izn e’tiborga olinadi va har biri uchun alohida ruxsat, izn so‘ralmaydi. Shunday ekan, savolda so‘ralgan holatda ham "o‘zaro kelishuv"ga jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar